ZIYO RADIOSI
Rasmiy diniy-marifiy Internet manzili
Muhabbat oyatlari

Islom musulmonlarni o’zaro mehr-muhabbatda hayot kechirishga targ’ib etgan dindir. Ayniqsa, oilada er va xotinlarning sevgi va muhabbat bilan, ahil-inoqlikda yashashlariga da’vat etadi. 

Bu borada Qur’oni karimda ham oyatlar talaygina. Ushbu maqolamizda er va xotinning o’zaro munosabatlari, bir-biriga g’amxo’rliklari va muhabbatlari haqida Kalomullohda kelgan oyatlardan ba’zilarini bayon qilamiz. Ular:

  •  “Uning alomatlaridan (yana biri) – sizlar taskin topishlaringiz uchun o’zlaringizdan juftlar yaratishi va o’rtalaringizda inoqlik va mehribonlik paydo qilishidir. Albatta, bunda tafakkur qiladigan qavm uchun alomatlar bordir. Rum surasi, 21-oyat.

  •  “O’z oralaringizdagi tul (erkak va ayol)larni hamda qul va cho’rilaringizdan yaroqlilarini uylantiringlar. Agar (ular) kambag’al bo’lsalar, Alloh ularni O’z fazli bilan boyitur. Alloh (fazlu karami) keng va biluvchi zotdir”. Nur surasi, 32-oyat.

  •  “U (Alloh) sizlarni bir jondan yaratib, undan uning juftini unga (uylanib) taskin topishi uchun paydo qilgan zotdir”. A’rof surasi, 189-oyat.

  •  “Alloh sizlar uchun o’zlaringizdan juftlar yaratib, juftlaringizdan sizlar uchun o’g’illar va nabiralar paydo qildi va sizlarni pok narsalardan rizqlantiradi. Bas, (ular) botil (butlar)ga imon keltirib, Allohning ne’matini inkor eturlarmi?!” Nahl surasi, 72-oyat.

  •  “Darhaqiqat, Sizdan ilgari ham (ko’p) payg’ambarlar yuborganmiz va ularga xotinlar va zurriyotlar berganmiz. Hech bir payg’ambar uchun Allohning iznisiz biror mo’jiza keltirish mumkin emas. Har bir vaqt uchun (munosib) kitob (hukm) bordir”. Ra’d surasi, 38-oyat.

  •  “Ana shulardan boshqa ayollarga zinokorona emas, (balki) mollaringiz (mahr) bilan uylanishingiz sizlarga halol qilindi. Ular bilan (nikoh orqali) yaqinlik qilishingiz bilanoq, belgilangan mahrlarini beringiz. (Mahr) belgilangandan keyin o’zaro kelishsangiz (xotin o’z mahridan kechsa), sizlar uchun gunoh yo’qdir. Albatta, Alloh ilm va hikmat egasidir”. Niso surasi, 24-oyat.

  •  “Ular bilan totuv turmush kechiringlar. Agar ularni yomon ko’rsalaringiz, (bilib qo’yingki,) balki sizlar yomon ko’rgan narsada Alloh (sizlar uchun) ko’pgina yaxshilik paydo qilar”. Niso surasi, 19-oyat.

  •  Ular sizlar uchun libos, sizlar ular uchun libosdirsizlar. Baqara surasi, 187-oyat.

  •  “Ey, imon keltirganlar, o’zlaringizni va oila a’zolaringizni yoqilg’isi odamlar va toshlar bo’lmish do’zaxdan saqlangizki, unda dag’al va qattiqqo’l, Alloh buyurgan narsaga itoatsizlik qilmaydigan, faqat buyurilgan ishni qiladigan farishtalar (tururlar)”. Tahrim surasi, 6-oyat.

  •  “Ayollar uchun (belgilangan huquqlar) o’z me’yorida erkaklar (huquqi) bilan tengdir. Ayollarga nisbatan erkaklarda bir daraja (ziyodalik) bor. Alloh qudrat va hikmat egasidir”. Baqara surasi, 228-oyat.

 

Xurshida Abdullayeva tayyorladi

 

 

 

794
03.10.2017