ZIYO RADIOSI
Rasmiy diniy-marifiy Internet manzili
Savol va Javoblar
Safar oyi haqida

 

Savol: Safar oyi hijriy-qamariy taqvim bo‘yicha yilning ikkinchi oyi. Odatda, bu oy yaqinlashishi bilan kishilar orasida turli savollar ko‘payadi. Ba’zilar safar oyida safarga chiqilmaydi, to‘y qilib bo‘lmaydi, deb irim qilishadi. Dinimizda bu haqda nima deyilgan?

 

Javob: Ayrimlar ba’zi narsalarda irim qilishadi. Irim qilish dinimizda yo‘q. Solih (alayhissalom) qavmini to‘g‘ri yo‘lga chaqirganlarida, ular: «Ey Solih, bizlar (boshimizga tushgan qahatchilikni) sen va sen bilan birga bo‘lganlardan deb shumlandik», deyishdi.

Solih (alayhissalom): «Sizlarning ishingiz Allohnmng huzuridadir. Aksincha, sizlar imtihon qilinayotgan qavmdirsiz», deb ogohlantirganlar (Naml, 47).

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): "Uch narsadan mening ummatim qutula olmaydi. Bular hasad, yomon gumon va irimdir. Bu narsalardan qutulishingiz uchun, hasad qilsangiz, zulmga o‘tmang. Gumonu shubha qilsangiz, unga ishonib o‘sha bilan ish tutmang. Biror irimga duch kelsangiz, Alloh taologa tavakkul qilib yo‘lingizda va ishingizda davom eting!" deganlar. Yana bir hadisda: "Har bir narsa Alloh taoloning iznisiz ta’sir etmaydi", deyilgan.

Kun va oylardan, yo‘lda mushuk, it kabi ba’zi hayvonlarning uchrashidan, qarg‘a yoki boyo‘g‘lining tovushidan hamda ba’zi raqamlardan irim qilib, muhim ishlarni ortga surish insonlarga munosib emas. Irim qilish johil kishilarning odati. Dinimiz yaxshi, savobli ishlarni aslo kechiktirmaslikka buyuradi.

 

Usmonxon Alimov

"So‘ragan edingiz"