ZIYO RADIOSI
Rasmiy diniy-marifiy Internet manzili
Savol va Javoblar
Fidya va fitr sadaqasi nima?

 

 

Savol : Fidya va fitr sadaqasi nima va ular kimlarga beriladi?

 

Javob: Ramazon oyi tugab, hayit kunining tongi yorishishi bilan fitr sadaqasini berish vojib bo’ladi. Fitr sadaqasi, uni Ramazon oyi ichida bergan kishi zimmasidan soqit bo’ladi. Fitr sadaqasi miqdori bug’doy yoki mayizdan ikki kilo, xurmo yoki arpadan to’rt kilodir. Fitr sadaqasi asliy ehtiyojidan ortiq kumush zakoti nisobi miqdoridagi mulki bo’lgan musulmonlarga vojibdir. (Yashash uchun zaruriy, ish qurollari asliy ehtiyoj hisoblanadi). Ular o’zlari va balog’atga yetmagan faqir bolalari nomidan fitr sadaqasini berishlari kerak. Xotini, katta yoshdagi bolalari va boy farzandlari uchun berishlari shart emas. Fitr sadaqasi vojib bo’lishi miqdoridagi mulkka ega kishi farz sadaqa ololmaydi. Unga qurbonlik va yaqin qarindoshlarining nafaqasi ham  vojib bo’ladi. Fitr sadaqasi uni bermagan odam zimmasidan soqit bo’lmaydi. Uni ramazon oyidan keyin ham berishi lozim (“Muhtasarul viqoya”).

Kundan – kunga quvvatdan ketib boradigan, qayta kuchga to’lmaydigan qariyalar, tuzalishiga umid bo’lmagan bemorlar ro’za tutmasligiga shariatimiz ruxsat beradi (“Bahrur  roiq”). Ular Ramazonning  har bir kuni uchun fitr sadaqasi miqdorida miskinlarga fidya berishadi (“Hidoya”).

Ular istasalar, fidyalarining hammasini bir qilib , Ramazon oyining boshida yoki oxirida berishlari mumkin (“Fatovoyi Hindiya”).

Agar ular  fidya berishganidan keyin quvvatga to’lib, ro’za tutishga kuchlari yetadigan bo’lib qolishsa, tutmagan ro’zalarining qazosini tutishlari kerak (“Nihoya”).

Fidya va fitr sadaqa zakot olishi mumkin bo’lgan kishilarga beriladi. Fitr sadaqani zimmiylarga ham berish mumkin.

 

“So’ragan edingiz...” 

Usmonxon Alimov