YAXSHI DO’ST KERAKMI, KITOB O’QING!

Har birimiz hayotimiz davomida do’stlarga ehtiyoj sezamiz. Kim bilandir suhbatlashish, fikr almashish, ularning so’zlaridan ko’p ma’nolar olish bilan hayotimizga mazmun beramiz. 

Biroq, hayotda shunday do’st borki, u Amir Temurning ta’biri bilan aytganda: “Barcha bunyodkorlik, yaratuvchilik va aql-idrokning, ilmu donishning asosidir. Hayotni o’rgatuvchi murabbiydir”. Bu sadoqatli, ishonchli hamroh – Kitobdir.

Bugungi axborot asrining ilg’or texnologiyalarisiz kunlarimizni tasavvur qilolmamasak-da, tengdoshlarimiz orasida kitobga oshno bo’lgan yoshlarning borligi quvonarli holdir. Ko’cha ko’yda, transportlarda qo’llarida kitob tutgan insonlarni ko’rib quvonamiz.

Afsuski, ba’zan yoshlar orasida qimmatli vaqtini behuda ishlarga, xususan, haddan tashqari ko’p kompьyuter va qo’l telefoni o’yinlarini o’ynash, mazmunsiz filьmlarni ko’rishga sarflashlari to’g’ri emas. Buning o’rniga, o’qishdan tashqari o’tadigan vaqtini samarali ishlar uchun rejalashtirishi maqsadga muvofiqdir. Ayniqsa, kunning ma’lum qismlarini foydali kitob mutolaasi uchun ajratish muhim ahamiyatga ega. Chunki, “yoshlikda olingan ilm toshga o’yilgan naqsh” yanglig’ o’qigan kitobi yillar o’tsa-da hayotda albatta asqotadi.

Yurtimizda yoshlarning kitobxonlik madaniyatini oshirish uchun amalga oshirilayotgan islohotlar ham bejizga emas, binobarin, kelajak avlodning kamoloti ilm olish, bilimli bo’lish bilan belgilanadi. Bu borada, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 2017 yilning 12 yanvar` kuni “Kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirishga qaratilgan” farmoyish e’lon qildi. Bu esa o’z navbatida, yurtimizda kitobxonlik saviyasi oshishiga, yangidan-yangi sermazmun kitoblar chop etilishiga omil bo’luvchi muhim odimdir. Ana shunday imkoniyatlardan oqilona foydalanib, yangidan-yangi nashrdan chiqayotgan sermazmun asarlarni o’qib borish yoshlarning ongi o’sishi, tafakkuri teranlashib, o’zining mustaqil fikriga ega bo’lishiga imkon beradi.

Alisher Navoiy: “Kitobni muqovasiga qarab oladilar, ichiga qarab baho beradilar”, degan ekanlar. Darhaqiqat, kitoblarning asl ma’nosi mohiyatini uni o’qigandagina anglash, uqish mumkin.

Dilshodi Barno kitob o’qish jarayonida e’tibor berish muhim bo’lgan jihatlarni o’z misralarida keltirib o’tadi:

Bu zamonda hamdami roz o’lmaga o’qush kerak,

Har kitobni o’qigonda ma’nisin uqish kerak.

Andin o’rganib adab ilmin g’azal to’qish kerak,

Norasolikning jahonda tomirini qirqish kerak,

Ilmsiz afsunchilarga tiri parrondur kitob.

Azaldan xalqimiz kitobni aziz sanagan, kechalari kitobxonlik davralari uyushtirilgan, oila a’zolari yig’ilib kitoblar o’qilgan. Asarlar haqida muhokama va mulohazalar bildirilgan. Shunday oiladagi farzandlar ham kitobga mehrli bo’lib voyaga yetganlar. Biz ana shunday ajdodlarning avlodlarimiz, qalbimizdan, ongimizdan kitob o’qishni sevuvchi millatmiz. Buni hamisha unutmasligimiz lozim.

Bugungi kunda ham qaysi xonadonga kirmang, uyning to’rida, javonini bezab turgan kitoblarga ko’zingiz tushadi, oila kattalarining yoshlarni kitob o’qishga chorlovchi so’zlari ulg’ayib kelayotgan bolalar ongiga singadi, kitobga bo’lgan mehri ortadi. Ajdodlarimizdan qolgan bebaho fazilatimiz – kitobsevarligimizni boy bermaylik, kelajak avlodlarga ham bus butunligicha yetkazaylik.

Biz sizga “hamisha va faqat kitob o’qing”, deb pand nasihat qilmoqchi emasmiz. Biroq, hayotingiz kitob bilan sermazmun o’tadi, yaxshi kitob sizga to’g’ri yo’l ko’rsatadi, mutolaa sizni nafaqat ilmli qiladi, balki siz hech qachon his etmagan zavqni ham baxsh etadi, va albatta ajru-savoblarga noyil etadi, deya eslatmoqchimiz.

 

Sharifa G’ANIYEVA

 

SAJDANING BUYRAKKA FOYDALARI

Ma’lumki, inson tik turganda yoki sport bilan shug’ullanganda buyrakdagi qon oqim sekinlashadi. 

Zamonaviy tibbiyot ilmi tasdiqlashicha, namozdagi sajda holatida yoki yonboshlab yotganda bu a’zodagi qon aylanish ziyodalashar ekan. Olimlarning bu kashfiyoti asosida, kun bo’yi tik turuvchilar ustida olib borilgan tadqiqotlar shuni ko’rsatdiki, gavdaning tik turishi buyrakdagi qon oqimi miqdorini kamaytirib, siydik ajralishini sekinlashtiradi. Buning natijasida, tik turish buyrakdagi «Glomerool» «Koptokcha» deb nomlanadigan mayda qon tomirlardan iborat siydikni paydo qiluvchi maxsus biologik vositada aylanuvchi qonning soflanish sur’atining pasayishiga sabab bo’ladi. Tadqiqotchilar, odam tik turganda buyrakdagi qon aylanishining sekinlashishiga, unga qon yetkazuvchi tomirlar devori qisilishining tabiiy holda ro’y berishi sabab ekanini topishdi. Bu jarayonlarni doimiy holda boshqaruvchi asab tizimi esa qon tomirlarning qisilishi yoki kengayishiga tik turilganda yoki yonboshlaganda ko’proq hukumronlik qilishi aniqlangan.

Olimlar buyrakdagi bu fiziologik voqeylikni hanuzgacha izohlasha olishmayapdi. Lekin, tik turgan holatda nafaqat buyraklarga, balki barcha pastki a’zolarga qon oqish miqdori kamayishini, shu bilan birga sajda va yonboshlaganda qon oqimi ziyodalashishini ta’kidlashadi. SHuni alohida ta’kidlash kerakki, qachon buyraklarga qon oqib kelish miqdori yetarli darajada bo’lsa, yuqorida aytilgan «koptokcha» tomirlarida qon bosim yuqori bo’lib, qonning tozalanishi ham ziyodalashadi, o’z-o’zidan siydik miqdori ham ortadi. Demak, sajda holatida buyraklarga yetarli miqdorda qon oqib kelishi, siydikning ko’proq ajralib chiqishi uchun eng muhim omillardan biri xisoblanadi.

 

NAQSHBANDIY PANDLARI

Allomalarimizning purma’no hikmatlari, bebaho o’gitlari biz avlodlar uchun ulkan hayot maktabidir. Ular yozib qoldirgan ma’noli misralarni mutolaa qilganimizda ongimiz oziqlanadi, qalbimiz huzurlanadi. 

Hayotga bo’lgan muhabbatimiz ortadi, shijoat va g’ayratimiz oshadi.

Xoja Bahouddin Naqshbandning o’gitlari ana shunday mag’zi to’la, mazmunan boy ibratli pandlardan iboratdir. Manbalarda kelishicha, Naqshband butun umr ilm istab, ilm o’rganish, jaholatdan uzoq turishni nasihat qilgan ekanlar. Ayniqsa, Payg’ambar (s.a.v.)ning “Qayerda bo’lmang, ilm talabidan uzoqlashmanglar va agar obu otash ichra g’arq bo’lsangiz ham, g’avvos bo’lib kechib o’tinglar va ilm o’rganinglar”, degan mazmundagi hadislarini shogirdlariga juda ko’p takrorlagan ekanlar.

Davlatimiz rahbarining tashabbuslari bilan Buxoroda Naqshband hazratlarining qadamjolari obod etildi.

Alloma ajdodimizning pandlaridan keltiramiz. Ushbu  o’gitlarni diqqat bilan o’qiganingizda, naqadar mazmunga boy ekanini anglaysiz. 

 

Shamga o’xshagin, toki hammaga ravshanlik bag’ishla, o’zing esa qorong’ida bo’l… Hoyu havas va nafs ahllari tutgan ishlar asosining barchasi zalolat (adashuv)dan iboratdir…

 

Qalblarning buyukligi aslida bir. Lekin ulardagi ma’rifatning buyukligi farqli…

 

Orifning qalbidek keng va katta bo’lgan boshqa narsa yo’qdir. Yer va osmonlar Orifning qalbiga nisbatan bir nuqta kabidir.

 

“Dast ba koru dil ba Yor, tan dar bozoru dil ba Yor” – qo’ling ishda, ko’ngil Allohda bo’lsin, tan bozorda bo’lsa ham ko’ngil Yorda bo’lsin”.

 

Bizning yo’limiz suhbatdir. Xilvatda shuhrat, shuhratda esa ofat bordir. Xayr jamoat bilandir.

 

Jam’iyatda xayriyat bo’ladi, jam’iyat esa suhbatda bo’ladi. Agar bu yo’l toliblaridan bir guruhi bir-birovlari bilan hamsuhbat bo’lsalar, bu suhbatda xayru baraka ko’p bo’ladi.

 

Ishlarda niyatni to’g’ri qilish eng muhim narsadir

 

Umid borki, bu ishga doimo amal qilinsa, oxiri haqiqiy iymon bilan yakunlanadi…

 

Adab bu – xulqni chiroyli qilish, so’zni va fe’lni soz qilishdir.

 

Ilm yo’lida agar meni bosib o’tish lozim bo’lsa-yu bu ishni qilmasangiz, sizdan rozi emasman.

 

Ilm bahriga kirmay, sohilda qolgan inson,

Dengiz ichi — farog’at, sohil — baxtsizlik, inon.

Dengizning mavjlariga mahliyo bo’lma mutloq,

Bir nafas g’ofil bo’lmay, dengizdan olgin bahron.

 

“Elning yukini yengillashtiring, elga yuk bo’lmang”.

 

Sharifa G’aniyeva

DONOLAR QUVONCH VA QAYG’U HAQIDA

Kulgi bilan quvnoqlik inson hayotini bezamaganda, bilmadim, odam bolasi qancha umr ko’rardi.

 

SAID AHMAD

Jahon ichra hamdard kam bo’lsa, tong yo’q –

Ki, bedard ko’p, lek dard ahli kamdur.

 

ALISHER NAVOIY

 

Shod anglamas ulusni birav bo’lsa qayg’uluq.

 

ALISHER NAVOIY

 

Bu dunyo ibratli ishlar-u, pand-nasihatlarga to’ladur, ayni vaqtda ko’z yoshlariga ham serob.

 

 MAHMUD ZAMAXSHARIY

 

Yuksalishning pasayishi, chiqishning botishi bo’ladi, quvonch ketidan qayg’u, chuchuk ketidan achchiq bo’ladi.

 

YUSUF XOS HOJIB

 

Har qanday ayrilib, judo bo’lganlar topishib-ko’rishishsa, alamlari qisqa, sevinchlari uzun bo’ladi.

 

YUSUF XOS HOJIB

 

Dardlig’ ko’ngul – shu’lalig’ chirog’, yoshlig’ ko’z – suvluq bulog’.

 

ALISHER NAVOIY

 

Xushvaqt kishi hamisha xushvaqtdir, xoh uyquda, xoh o’yg’oqlikda. Zeroki, har nimakim so’zda va ishda bo’lsa, o’shal narsa hayolda va uyquda bo’lur.

 

XOJA AHROR VALIY

 

Shod-xurramlik va yaramaslik ezgulik va yovuzlikka muqorana (yaqin) qilinadi, ya’ni shod-xurramlik ezgulikka, yaramaslik yovuzligu qayg’u hasratga muqorin (barobar) bo’ldi.

 

MAHMUD ZAMAXSHARIY

 

Dard  ahlining nafasi bir o’tdirkim, qatiq ko’ngulni yumshaturu ko’zni yig’latur va so’z ahlining dami bir yeldurkim, ananiyyat xoshokin sovururu g’azabiyat tufrog’in supurur.

 

ALISHER NAVOIY

 

Xursand va shod odamning dilida hech qanday og’irlik bo’lmaydi, hursandchilik va shodlik har qanday uyqusizlik va charchashlikni bildirmaydi, to’g’riroq aytganda, yengadi barchasini!

 

VOHID ZOHIDOV

 

G’amdin aylarlar eranlar shodlig’,

Bu muqayyadlig’ durur ozodlig’.

 

ALISHER NAVOIY