KITOB O`QISH UCHUN 50 SABAB

Kitoblarni o'qish 50 ta foydali holat yuzaga kelishiga sabab bo'ladi. 

Quyidagilarni birma-bir o`qing va hayotingizni kitob mutolaasi bilan bezang!

1.Kitoblar ko'proq ishonchga ega bo'lishga yordam beradi.

2.Kitoblar orqali dunyodagi eng arzon sayohatni uyushtirishingiz mumkin.

3.Kitoblar sizning shaxsingizni rivojlantiradi.

4.Kitoblar sizni moddiy tarafdan ham ta`minlashga omil bo`ladi.

5.Kitoblar sizni kuldiradi va o'ylantiradi.

6.Kitoblar sizni mukammallikka olib boradi.

7.Kitoblar sizdagi ijodkorlikni rag'batlantiradi.

8.Kitoblar yozuvchilik qobiliyatingizni oshiradi.

9.Kitob nutqingizni ravon qiladi, muloqotda yordam beradi.

10. Kitoblar sizning fikringizni tozalaydi.

11.Kitoblar qiziqishingizni oshiradi.

12. Kitoblar kishiga to`gri tanlay olish qobiliyatini beradi.

13. Kitoblar doimiy iste`dodni yaratishga yordam beradi.

14. Kitoblarga hech qanday maxsus qurilma kerak emas.

15. Kitoblar e'tiboringizni oshiradi.

16. Kitoblar samarali dam olishga yordam beradi.

17. Kitoblardan istalgan vaqtda, istalgan joyda foydalanish mumkin.

18. Kitoblar rohat va hordiq chiqazishga yordam beradi.

19. Kitoblar sizni kuchli qiladi.

20. Kitoblar har bir narsani  “Nimaga?” va “Qanday?” ekanligini bilishga yordam beradi.

21 .Kitoblar sizga quvnoq kayfiyatni yaratishga va tarqatishga yordam beradi.

22. Kitoblarni o`qish jarayonida oqilona sayohat qilishingizni ta`minlaydi.

23. Kitoblardagi haqiqat va raqamlar yangilanib turadi.

24. Kitoblar sevgi, muhabbat va ilmni tarqatadi.

25. Kitoblar eng yaxshi do'stlarni yuzaga keltiradi.

26. Kitoblar sizni intellektual muhitga olib boradi.

27. Kitoblar atrofingizdagi dunyoni his qilishingizga yordam beradi.

28. Kitoblar sizning fikringizni jalb qiladi, tafakkuringizni oshiradi.

29. Kitoblar dunyoqarashingizni kengaytiradi.

30. Kitoblar sizga tabiat havosini bahsh etadi.

31. Kitoblar "kishilik o'zgarishini" keltirib chiqaradi.

32. Kitoblar tushunishni kuchaytiradi.

33. Kitoblar kompaniyani talab qilmaydi.

34. Kitoblar tushkunlikdan qutqaradi.

35. Kitoblar sizning atrofingizdagi odamlarga tegishli bo'lish hissini rivojlantiradi.

36. Kitoblar aqliy va jismoniy yengillikni ta'minlaydi. 

37. Kitoblar aloqa vositasidir.

38. Kitoblar intellektual darajada qoniqarli faoliyatdir.

39. Kitoblar ma'naviy tajriba bilan ta'minlaydi.

40. Kitoblar hissiy kuchni ta'minlaydi.

41. Kitoblar o'zingizni hurmat qilishingizga o`rgatadi.

42. Kitoblar sizning tasavvuringizni boyitishga yordam beradi va rag'batlantiradi.

43. Kitoblar sizni aqlli va dono qiladi.

44. Kitoblar o'sishingizda yordam beradi.

45. Kitoblar sizni "orzular dunyosiga" olib boradi.

46. ​​Kitoblar hayotingizni va tuyg'ularingizni o'zgartirishi mumkin.

47. Kitoblar "hayot maqsadlariga erishishda" yordamlashadi.

48. Kitoblar ajoyib tajriba orttirishingizga xizmat qiladi.

49. Kitoblar hayotingizni yaxshi tomonga o'zgartiradi.

50. Kitoblar kishilarni ilhomlantiradi, kitoblar yaxshi ishlar qilishga turtki beradi, kitoblar insoniylikni o`rgatadi.

 

Toshkent islom universiteti 1-kurs magistranti

Boburmirzo Botirov tayyorladi 

O’Z DINDOSHLARIMIZGA QANDAY QILIB YORDAM BERAMIZ?

Insonning o’z dindoshlariga, ummatga yordam berishi urush va nizolarda qatnashishi yoki o’zga din vakillariga o’z dinini targ’ib etishidangina iborat emas. 

Musulmon dindoshlarimizga foydamiz tegishi uchun harakat qilib, biz o’z oldimizga yuksak maqsadlarni qo’yishimiz va juda katta rejalarni tuzishimiz mumkin. Biroq, biz bunda haqiqiy qahramonlik faqatgina jang maydonlarida yoki yuzlab telekameralar qarshisida sodir bo’lmasligini, balki kundalik vaziyatlarda, ahamiyatsiz va kichik bo’lgan ishlar hamda so’zlarda namoyon bo’lishi mumkin ekanligini unutib qo’yamiz. Agar, diqqat-la razm solsak va aql yuritsak, butun ummatga yordam bera olmasak-da, kamida atrofimizdagi insonlarning hayotini yengillashtirish yoki yaxshilash mumkin bo’lgan ko’plab usullarni topishimiz mumkin.

Yaxshi niyatda bardavom bo’lish.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Shumlanish yo’q. Uning yaxshisi foldir”, dedilar. “Ey Allohning Rasuli, (yaxshi) fol nima”, deyildi. “Birortangiz eshitadigan solih so’z”, dedilar. Boshqa bir rivoyatda: “Shumlanish yo’q. Menga solih fol – go’zal so’z yoqadi”, deyilgan.

         Islom doimo yaxshi niyatda bo’lishga targ’ib etadi. Inson yomonlikdan ham yaxshilik qidirib yashashi lozim. Hadisda aytilganidek, bemor kishi “Endi tuzalmasmikanman”, kabi fikrga borishi shumlanish hisoblanadi. Buning o’rniga u har bir dardning davosi bor, Allohning O’zi dardimga shifo beradi”, deb niyat qilsa, mana shu yaxshi foldir. Xuddi shu kabi, mo’min kishi har bir narsani yaxshilikka yo’yishi, yaxshilik niyati bilan yashashi lozimdir.  

O’z ishiga sidqidildan yondoshish.

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Alloh taolo ishingizni eng yaxshi suratda bajarishingizdan sevinadi», deb marhamat qilganlar (Tabaroniy rivoyati).

Demak, mo’min kishi o’z zimmasidagi vazifalarini vijdonan, mas’uliyatni his etgan holda va sifatli bajarish orqali ham atrofidagilarga manfaat keltirishi mumkin.

Sadaqa ulashish, yaqinlarga ko’mak berish.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Sadaqa qilinglar», dedilar. Bir kishi «Ey, Rasululloh, menda bir dinor bor», dedi. «Uni o’zing uchun sadaqa qilgin», dedilar. «Menda yana bir dinor bor (bo’lsachi)?» dedi. «Uni bolangga sadaqa qilgin», dedilar. «Menda yana bir dinor bor (bo’lsachi)?» dedi. «Uni ayolingga sadaqa qilgin», dedilar. «Menda yana bir dinor bor (bo’lsachi)?» dedi. «Uni xodimingga sadaqa qilgin», dedilar. «Menda yana boshqasi bor (bo’lsachi)?», dedi. «Uni o’zing bilgancha (tasarruf qil)», dedilar (Abu Dovud va Nasoiy rivoyati).

Hadislarga ko’ra, yordam ko’rsatishni avvalo o’z yaqinlaridan boshlash lozim. Masalan, Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda keltiriladiki: Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan: «...Ey, Allohning rasuli, qaysi sadaqa eng afzal sadaqadir?» deb so’raldi. «Ozgina davlat egasining sadaqa qilishi. Sadaqa qilishni o’z oilangdan boshlagin», dedilar (Ahmad va Abu Dovud rivoyati).

Shunga ko’ra, «olamni qutqarish»da tadrijiylikka ahamiyat qaratish zarur, ya’ni dastavval yaqinlariga (oila, qarindoshlar), so’ng o’zgalarga ko’mak berish lozim.

Eslatma

Yaxshilikka buyurish va yomonlikdan qaytarish – musulmonning musulmon birodaridagi haqlaridandir. Biroq buni o’z nasihatlarini majburan singdirish, bosim o’tkazish va zo’rlash bilan adashtirmaslik kerak. Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi: “Eslating! Zero, eslatma mo’minlarga manfaat yetkazur” (Zoriyot surasi, 55-oyat). “Bas, eslatma foyda bersa, (kishilarga) eslating!” (A’lo surasi, 9-oyat).

Eslatma oxir oqibat barchaga o’z ta’sirini ko’rsatadigan adolatsizlik va nohaqliklardan bir-birimizni to’xtatishga yordam beradi. Bu borada Nu’mon ibn Bashir roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda keladiki: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bunday deb marhamat qildilar: «Amri ma’ruf va nahiy munkar qilguvchi kishi bilan amri ma’rufni ado etmay, munkar ishlarni qilib gunohkor bo’layotgan kishi go’yoki o’zaro qur’a tashlab bir kemani sherikchilikka ijaraga (yoxud mulk qilib) olgan qavmga o’xshaydi. U qavm kimga kemaning qayeridan joy tegishini aniqlash uchun o’rtalarida qur’a tashlashadi, shunda ba’zilariga kemaning yuqorisidan va ba’zilariga pastidan joy tegadi. Keyin, kemaning pastidan joy olgan kishilar suv olgani kemaning tepasidan joy olganlar huzuriga hadeb boraverib, ularni bezor qilishadi. Shunda kemaning tepasidan joy olganlar uning pastidan joy olganlarga: «Agar qur’a tashlaganimizda kemaning pasti bizga nasib qilgan bo’lganida, tepamizdagilarga sira aziyat yetkazmas edik!» deyishadi. Buni eshitib, kemaning pastidagilardan biri qo’liga bolta oladida, kemaning tubini tesha boshlaydi. Shunda kemaning tepasidan joy olganlar uning oldiga kelib: «Ne qilayotirsan?»  deyishadi. U: «Hadeb huzurlaringizga boraverib, sizlarga aziyat yetkazayotirman, menga esa suv kerak!» deydi. Agar ular uning qo’lidan ushlab, kemani teshmog’iga yo’l qo’ymasalar, uni ham, o’zlarini ham halokatdan qutqarib qoladilar va agar uni o’z holiga qo’yib qo’ysalar, uni ham, o’zlarini ham halok qiladilar».

Mo’minlar uchun Allohga duoyu iltijo qilish

Manbalarda aytilishicha, ummat ahvolining yomonlashishi sabablaridan biri uning a’zolari tomonidan ko’plab gunohlar sodir etilishidadir. Umar ibn Xattob roziyallohu anhu shunday deganlar: “Biz adadimiz va qurollarimizning ko’pligi bilan emas, balki, gunohlarimizning ozligi va dushmanlarning gunohi ko’pligi sababli g’olib bo’lguvchi ummatdirmiz! Agar gunohlarimiz (dushmanning gunohlari bilan) tenglashsa, ular adadlari va qurollari bilan bizning ustimizdan g’olib kelishadi”.

Musulmonlarning gunohlarining kechirilishi, ummat holatining yaxshilanishi, mo’minlarning qalblari jipslashishini so’rab duo qilish ko’ngildagi istaklarga yaqinlashtiruvchi amallardandir. Umar ibn Xattob roziyallohu anhu ham: “Allohim, mo’min va mo’minalarni, musulmon erkak va ayollarni mag’firat et, ularning qalblarini birlashtir, oralarini isloh et”, deb duo qilardilar. Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Musulmonning o’z birodariga g’oyibdan qilgan duosi mustajobdir. Uning boshida bir muvakkal farishta turadi. U o’z birodariga har safar yaxshilik tilab duo qilganda muvakkal farishta “Omiyn! Senga ham o’shandoq bo’lsin!” deydi”, deganlar. Shu bilan birga, mo’tabar manbalarda kimki Allohdan musulmonlarning gunohlarini avf etishini so’rab, duo qilsa, Alloh unga ham ajr yozishi haqida ta’kidlanadi. Bu esa, ham duo qiluvchining, ham haqqiga duo qilinayotganlarning gunohlari kechirilib, ummatning holati oz bo’lsa-da yaxshilanishini bildiradi.         

Butun jamiyatni qutqarish va holatini yaxshilash haqida gap ketganda “Sen o’zingni qutqara oldingmi?” degan tabiiy savol tug’iladi. Bu borada bir odamning ko’pchilikni emas, birinchi navbatda o’zini qutqarishi natijaliroq ekanligini aytish joiz. Bir donishmand bu to’g’rida: “Sen o’zingni qutqar va sen bilan birga boshqalar ham najot topadi”, degan ekan. Buning ma’nosi shuki, bir odamda paydo bo’ladigan ijobiy xatti-harakatlar u bilan muloqotda bo’ladigan boshqa insonlarga ham o’z ta’sirini o’tkazadi. Shuning uchun “Qanday qilib ummatga yordam berish mumkin” degan savolga javob “Qanday qilib o’zimizga yordam berish”dadir va aytish mumkinki, har safar biz ilm egallash, mol-davlat to’plash yoki moddiy farovonlikka erishishdagi kabi chegaralarni buzmasdan, ta’qiqlangan va shubhali narsalarga yaqinlashmasdan o’zimizga o’zimiz yordam bersak, o’z dindoshlarimizga, musulmon ummatiga ham shuncha yordam bergan bo’lamiz.

 

Xurshida Abdullayeva tayyorladi   

 

DINDA ASHADDIY BO’LMA!

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Albatta, din osondir. 

Kimki dinda ashaddiy bo’lmoqchi bo’lsa, din unga g’olib keladi. Bas, to’g’ri amalda bo’linglar, yaqinlashib yuringlar, yaxshilik bashoratini beringlar. Sahar chog’ida, tushdan keyin va kechaning oxirida yordam talab qiling”, dedilar» (Imom Buxoriy). Demak, Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam biz ummatlarini dinda chuqur ketib, ashaddiylashib, o’zini qiynamaslikka, o’rtacha ish tutib, doimo yaxshilik bashoratini berishga chaqirmoqdalar.

Darhaqiqat, Islom osonlikdan iborat dindir. Unda hech bir qiyinchilik yo’q. Ko’pincha, insonlar dinni bilmagan holda o’zlari uchun noqulay vaziyatlarni yuzaga keltirishadi. Oddiy bir misol: Ikki quda to’y kunini belgilab, yaxshi niyatlar bilan ikki yoshning nikoh to’ylarini e’lon qiladi. Kutilmaganda kuyov tomon, yoki kelin tomonning yaqinlaridan biri vafot etadi. O’lim haq. U har bir insonni boshida bor. Ammo, bundan katta muammo yasash shartmi?  Agar, to’y egalarining qarindoshlari orasida dindan xabardor inson bo’lsa, masalani yechimi topiladi. Ya’ni, motam uch kun ekanligini inobatga olgan holda, nikoh to’yini o’tkaziladi. Biroq, ikki  quda yoki yaqinlari orasida  Islom ta’limotidan xabardorlari bo’lmasa, to’yni to’xtatishgacha boriladi. Chunki, mayyitning yigirmasi, qirqi, yil oshi kabi marosimlarni o’tkazishni Islomdan deb bilishadi. Aslida esa, yigirma, qirq va yil oshi marosimlari na Qur’onda, na hadisda va na ulamolarimiz kitobida yozilgan. Shu sababli bo’lsa kerak, payg’ambarimiz  Muhammad sollallohu alayhi vasallam ummatning og’irini yengil qilish uchun hadisda: “Albatta, din osondir” deganlar.

Shu bilan birga, Islomning osonligiga past nazar bilan qarab, o’zi uchun uni qiyinlashtirishga uringanlar ham xato qiladilar. Ya’ni, dinda chuqur ketib, haddan oshib, o’zicha ko’p amallarni qilib, shuhrat topmoqchi bo’lsa, yengilib qoladi. Bunday odamlar borib-borib yo’ldan chiqadilar. Yo’ldan chiqish turlicha bo’lishi mumkin. Ba’zilar ortiqcha urinib, o’zini urintirib qo’yib, keyin malol olib, hamma narsani tashlab yuboradi. Ya’ni, nafl ibodatlarga mukkasidan ketib, eplay olmagandan keyin esa, farzlarni ham tark etadi. Boshqalar esa, ashaddiylashib, dinda yo’q narsalarni ham qilib, boshqalarni ham shunga undab, o’zi ham adashadi, o’zgalarni ham adashtiradi.

Bu borada, Hakim Termiziyning asarlarida ilmsiz soxta zohidlarga qaratilgan ko’p tanqidlarini uchratishimiz mumkin. Alloma ularni xavorij, rofiza, jahmiylar bilan bir qatorda qattiq tanqid qiladi: “Bir toifa ilmsiz kimsalar zohidlikni da’vo qilib, johilliklaridan turli bid’atlarni o’ylab chiqardilar. Ular “zuhd” deganda dunyoviy narsalardan butkul yuz o’girish, dunyo ahlidan uzlatda tanho bo’lishni tushundilar. Yaqinlari bilan aloqalarini uzdilar, odamlardan uzoqlashdilar, jamiyatdagi burchlarini unutdilar, boylarning yuzlariga nafrat bilan qaradilar. Bilmaydilarki, zuhdning asli – nafs va qalbdagi shahvatlarni sindirishdir. Ular esa tana a’zolari bilan ba’zi narsalardan tiyilib, “zohidlikni mukammal ado etdim”, deb da’vo qiladilar. Jaholatlari shu darajadaki, rizqi kengligi, mol-mulki bisyorligi bilan tanilgan imomlarga ta’na toshini otdilar, hatto ba’zi nabiylarni ham aybladilar. Aslida, zuhdning mazmuni odamlarni halollikka, poklikka, tinchlikka, inson qadrini yerga urmaslikka chorlab, har kim o’zining halol mehnati bilan ijtimoiy adolat qoidalariga rioya qilishini targ’ib etish emasmidi”?

Shu o’rinda «Naqshbandiya» tariqatini eslasak. Unda insonlar halol mehnat va hunar bilan noz-ne’matlarni ishlab chiqarishga, mavjud hokimiyat bilan hamkorlik qilishga chaqiriladi hamda insonlararo mehr-oqibat, do’stlik va tinchlikka da’vat etiladi. Har bir insonni «Qo’li mehnatda, qalbi Alloh zikrida» bo’lishga undaydigan «Dil ba yoru dast ba kor» nomli mashhur shiori bilan insonni ma’naviylik yo’li sari yetaklaydi. Umumlashtirib aytganda, Naqshbandiylik ta’limoti ma’rifiy, xayriyatparvarlik, xalqparvarlik, adolat, kamtarlik, mehnatkashlik, vatanparvarlik, yaratuvchilik g’oyalari bilan sug’orilgan deyish mumkin.

Xulosa qilib shuni aytish lozimki, Islom yuksak umuminsoniy fazilatlarni shakllantiradigan, insonni diniy bag’rikenglik asosida yuksak ma’naviyatga yetaklaydigan dindir. Va albatta ma’rifatli islomni uni niqob qilib olgan ekstremistik g’oyalardan himoya qilish bilan birga, undan ayni vaqt istiqlol oldimizga qo’yayotgan dolzarb ma’naviy-ma’rifiy va tarbiyaviy muammolarni hal qilishda ustuvor omillardan biri sifatida  foydalansak, maqsadga muvofiq bo’ladi. Zero, ming yillik ma’naviyatimiz tarixi ham shak-shubhasiz fikrimiz to’g’riligini tasdiqlaydi.

 

         Mahmudjon Abdusaitov

“Doniyor bin Ozod” jome masjidi imom-noibi 

 

OILA MUSTAHKAMLIGI OTA-ONALARGA HAM BOG’LIQ

Oila muqaddas maskan. Muborak dinimiz qodir bo’lganlarni nikohga targ’ib etadi. 

Uning a’zolarini tinch-totuvlikda, shariat talablariga rioya etgan holda, saodat izlab yashashga undaydi. Alloh taolo nikohni odamlar orasida eng muqaddas robita va halol aloqa deb e’lon qilgan bo’lsa, oilani buzish va taloqni O’zi eng yomon ko’rgan halol deb atagan.

Mo’tabar manbalarda aytilishicha, taloq qilishdan Allohning arshi larzaga keladi. Shu bois ham, Islom jamiyatida taloqqa eng nohush narsa sifatida qaraladi. Uning ortidan oila atalmish saodat maskani barbod bo’ladi, farzandlar yetimga aylanadi. Uning oqibatlarini yana ko’plab davom ettirish mumkin. Yaqinda bir guruh olimlar o’tqazgan tadqiqot natijasi uning yana bir zararli ko’rinishini isbotladi.

AQSHning Virjiniya shtati Universitetining psixologlari, genetika mutaxassislari va sotsiologlari oilaviy munosabatlar va nikohni saqlab qola olmaslik farzandlarga meros bo’lib o’tishini aniqladilar. Tadqiqot natijalariga ko’ra mutaxassislar shunga amin bo’ldilarki, nikohlarini saqlab qola olmagan ota-onalarning farzandlari ham katta ehtimol bilan ajrashib ketadilar. Olimlarning aniqlashicha, ajrashishga bo’lgan genetik moyillik ijtimoiy faktorlar va ota-onaning genetik xususiyatlari bilan izohlanadi.

Shu bilan birga, tadqiqot jiddiy va mustahkam aloqalar xuddi buning aksi singari nafaqat tashqi faktorlarga, balki asosan ota-onalarning va boshqa yaqin qarindoshlarning mustahkam nikohiga ham bog’liq ekanligi haqidagi  genetik va psixiatrlarning farazlarini tasdiqladi.

Shunday ekan, oila deb atalmish muqaddas qo’rg’onni bunyod etganlar uni mustahkamligi uchun kurashishi, arzimagan sabablar nikohini darz kettirishiga yo’l qo’ymasligi lozim. Axir, oldinda farzandlarning kelajagi, taqdiri turibdi.

 

Xurshida Abdullayeva tayyorladi