IMMUNITETNI QANDAY MUSTAHKAMLASH MUMKIN? PAYG’AMBARIMIZ SOLLALLOHU ALAYHI VA SALLAM SUNNATLARI ASOSIDA JAVOB BERAMIZ

Bu hozirgi mavsumda hammani o’ylantiradigan savoldir. Ko’pchiligimiz buning uchun mablag’ni va vaqtni ayamasdan dorixonalardan behuda dorilarni sotib olamiz.

Yaqinlarimizni asrash maqsadida, “Mo’’jizaviy tabletka”lar olib, har xil angina, gripp, bronxit va boshqa kasalliklardan himoyalash uchun yelib yuguramiz. Farmasevtika sohasidagi yutuqlarning o’sishiga qaramasdan qo’rqmasdan aytolamizki, immunitetni oshirish uchun “mo’’jizaviy dori” yo’q. Xafa bo’lishga shoshilmang. Mustahkam sog’liq uchun dorixonaga chopish shart emas. Bunga erishish uchun dinimiz Islomga, Payg’ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning sunnatlariga murojaat qilish kifoya. Dinimizda biz siz bilan organizmimizni mustahkamlash immunitetni himoyalashning eng yaxshi usullarini ko’rib chiqamiz. Baxtimizga Islomda hamma savollarimizga javob bor. Bu qanday ham yaxshi! Qani ko’rib chiqaylik-chi:

Tahorat. Tahorat – musulmonning namozdan oldingi ibodati bo’libgina qolmay balki salomatlikka erishishning oson yo’li hamdir. Musulmonning tahorati insonning yurak-tomir sistemasi, xatto undan tashqari odam tanasini bir maromdagi refleksoterapiyasiga ta’siri qadimdan o’z isbotini topgan. Xususan, sovuq suvda qilingan tahorat chiniqishda yordam beradi. Doimiy og’iz bo’shlig’i va burunni chayish turli infektsiya zararlarining oldini oladi. Qisqasi, mukammallik oddiylikdadir – tahorat qiling va sog’lomlikka erishing.

Zanjabil. “Jannat ildizi” deb hisoblanuvchi bu dorida antibakterial, shamollashga qarshi, antimikrob, antiseptik, bakteritsid xususiyatlarga ega. Zanjabil – doim hatto qishda va yozda uyimizda bo’lishi shart bo’lgan dorivor ildizdir. Bu xushbo’y ildiz S va V vitaminlarga boy bo’lib juda foydalidir. Tarkibida retinol bo’lib inson organizmidagi yangi hujayralarning tiklanishini ta’minlaydi. Asal bilan zanjabilning aralashmasi yanayam foydali xususiyatlarini oshiradi.

Asal. Asalning ajoyib mo’jizalarini ta’riflab Qur’oni Karimda insonlar uchun berilgan ne’mat ekanligi ta’kidlanadi. “Unda odamlar uchun shifo bordir” deyiladi. Bu mahsulot immunitetimiz uchun tengi yo’q hisoblanadi. Aytish joizki, asalning kimyoviy tarkibi va inson qoni juda o’xshash. Bizning qonimizda 24 element bor, asalda esa – 22. Toza asalni yong’oq bilan aralashmasi shamollash kasalliklarini oldini olishda juda yaxshi vositadir. Bu aralashma uchun har qanday turdagi yong’oqdan foydalanishingiz mumkin. Asosiysi, bu dorivor aralashma biroz tin olishi kerak.

Sedana yog’i. Zamonaviy tekshiruvlar ko’rsatadiki, qora sedana oshqozon-ichak traktini normallashtiradi, immun-tizimni faollashtiradi. Sedana yog’i ko’p turdagi kasallik qo’zg’atuvchi bakteriyalarni yo’qotadi, qondagi xolesterin miqdorini kamaytiradi hamda o’t haydovchi vosita hisoblanadi. Yog’ni profilaktika maqsadida va umumiy mustahkamlovchi vosita sifatida qo’llash mumkin. Agar kun davomida 1 choy qoshiqdan iste’mol qilinsa, moddalar almashinuvini normallashtiradi va organizmning ximoya kuchini oshiradi. Bir muborak hadisda: “Qora dona o’limdan boshqa har bir dardga davodir”, deyiladi.

Xelba. Agar insonlar xelbaning qanchalik foydali ekanligini bilganlarida edi, uni oltin narxida sotib olingan bo’lar edilar. Bu noyob o’simlikning foydasi haqida islom olimlarining aniqlab berganlarini bilsak ham, shunga qaramasdan negadir bari-bir foydasi yuz yillar ilgari isbotlangan oltin urug’iga emas, balki hozirgi ixtiro qilingan ishlab chiqarilgan dori vositalarning reklamalariga uchamiz va dorixonalarga boraveramiz. Eslatib o’tamizki: xelba urug’i shamollashdan, isitmadan, virusli infektsiya asoratlaridan, qutulishda yordam beradi. Bu o’simlik o’zining yumshatuvchi xususiyati bo’lgani uchun shamollashga qarshi va balg’am ko’chiruvchi vosita hamdir. Xelba – balg’am yumshatuvchi va limfa tizimi orqali toksinlarni haydovchi vositadir. Shuning uchun 1 osh qoshiq urug’ga 0.5 litr suv damlamasi shamollashga qarshi qo’llaniladi. Bundan tashqari bu ichimlikka ko’pincha limon yoki klyukva sharbati qo’shilsa yanayam vitaminlarga boy bo’ladi.  

Demak, immunitetni oshirishda dorilar qabul qilish shart emas ekan, balki Payg’ambarimiz sollallohu alayhi va sallam sunnatlariga muvofiq hayot kechirish ayni muddao ekan.

 

Nigina Botirova tayyorladi

HAYOT MOHIYATI

Har bir yuzaga kelgan yaxshi-yomonlikni tekshirib qarasang, turmush uchun xayriyatlidir.

ZAHIRIDDIN MUHAMMAD BOBUR

 

Biz haqiqatni hayotdan oldik. Hammadan ilgari shaxs o’zini tanisin, so’ngra boshqani!

ABDULLA QODIRIY

 

Hayot bo’lmasa, boshqa biror narsa ham bo’lmaydi.

FITRAT

 

Bu dunyoda seni ikki yo’l kutadi, bu ikki yo’ldan senga qaysi biri nasib etishi noma’lum.

YUSUF XOS HOJIB

 

Davlat kelib yana ketmaganda edi, yorug’ kunlar qorong’ulashmagan bo’lardi.

YUSUF XOS HOJIB

 

Hayot, taraqqiyot birgina iqtisodiy muammolardan iborat emas – odamzod qorni to’q, usti but bo’libgina mukammal baxtga erisha olmaydi. Inson uchun ruhiyat, ma’naviyat masalalari ham muhim.

OZOD SHARAFIDDINOV

 

Inson bolasi oyoqqa turib nimagaki birinchi marta duch kelsa va bu uning hayotida hal qiluvchi biron hodisaning debochasi bo’lsa umr bo’yi yoddan chiqmaydi.

SAID AHMAD

 

O’zing mangu emassan, oting mangudir, oting mangu bo’ldimi, o’zing mangudirsan.

YUSUF XOS HOJIB

 

Bizga bu falak gohi vafo, gohi sitam,

Goh shodlig-u, goh farog’at-u, gohi alam.

Hech dil g’amu shodlikdan emasdir xoli,

Dunyoni (ng) g’amu shodligi birga har dam.

UBAYDIY

Sanga bu olam g’animatdur,

Barcha ashyosi ne’matdur.

IS`HOQXON IBRAT

 

Tog’ faqat cho’qqilardan iborat emas.

OZOD SHAROFIDDINOV

 

Ey, elig, bu dunyo bir ekinzor kabidir, unga odam nimani eksa, o’shani o’radi.

YUSUF XOS HOJIB

 

Afsus, bebaho umr ravon o’tgusidir,

Bu bebaho umr kabi jahon o’tgusidir.

Etmak uchun lomakonga parvoz aylab,

Jon qushi jahonda begumon o’tgusidir.

UBAYDIY

 

Hayot birovga uzoq yo’lni yaqin qilsa, birovga yaqin yo’lni uzoq qiladi.

SAID AHMAD

 

Har qanday inson hayoti davomida turfa xil o’zgarishlarni boshidan kechirsa ham, bir quvonchlarga to’lib, bir baxtsizlik ichida yashasa ham, zohiran qaraganda, bir terining ichida necha marta ozib-semirsa ham, aslida uning tabiati dunyodagi eng kam o’zgaradigan narsadir.

OZOD SHAROFIDDINOV

Sening oldingda paydodur iki yo’l,

Biri o’ng qo’l sari borg’oy, biri so’l.

Kishi bilmas qiyomat dashtida oh,

Ketar banda iki yo’ldin qayu roh.

SO’FI OLLOYoR

 

Oldingda uzoq yo’lli safar turibdi, tadbirli kishilar bu yo’lga ozuqni ko’p va yetarli hozirlaydilar.

YUSUF XOS HOJIB

 

Bu dunyo bir rabotdir, sen esa karvon hisobi. Karvon rabotda qancha turardi, o’ylab ko’r!

YUSUF XOS HOJIB

 

Haqiqatan ham, naqadar chuqur va behisob sirli, naqadar qudratli, saxiy va ziddiyatli xilqat ekan bu olam!

VOHID ZOHIDOV

 

Dunyo tinchimasa, odam tinchimas ekan.

Odam tinchimasa, dunyo tinchimas ekan.

 SAID AHMAD

 

Inson bosib o’tgan yillar va yo’llar nima? Umring davomida senga ro’baro’ kelgan, hayotingda iz qoldirgan odamlar – do’stlar, qarindoshlar, ustozlar, safdoshlar.

OZOD SHAROFIDDINOV

 

Axir qarang-a, bu olamning ham yorqin quyoshi bor, ham qorong’i tuni. Unda ham ajib, hamisha moviy charog’on, ham bulutli, bo’ronli osmon bor. U g’oyat go’zal va yoqimli, ham tikanli va jafoli. Ham mehrli va ko’rkam, ham g’addor va ko’rimsiz. Ham shodlik va qahqaha bor unda, ham alamu anduh. Ham hayotbaxsh bahori bor uning, ham qahshatqich qishi. Odamlarida ham ajoyib insof, aql va adolat bor, ham qabohatu razolat ularning ma’lum qismiga yo’ldosh.

VOHID ZOHIDOV

 

Hayot kishining diydasini qattiq qiladi. Lekin tabiatning hikmati shundan iboratki, u inson bolasini har qanday quvonchga ham, iztirobga ham tayyor holda ro’baro’ qilishga oshiqadi.

ABDULLA ORIPOV

 

Bu dunyo foyda oladigan bir yer-savdo saroyidir. Bu yerda nimaiki topsang, kelajagingga mo’ljallab olib qo’ygin.

YUSUF XOS HOJIB

 

Biz hayotni har qancha maqtab ulug’lamaylik, uning jozibador tomonlarini aytib alqamaylik, uning o’ta shafqatsiz tomonlari, dosh berish qiyin bo’lgan sinovlari ham bor.

OZOD SHAROFIDDINOV

 

Har bir tirik kimsa vaqti kelib vafot etadi,  bas shunday ekan eng yaxshi savob va solih ishlarni qilish o’layotgan kishi uchun o’ta savobdir.

MAHMUD ZAMAXSHARIY

 

Ko’rdimki, umr va dunyodan ko’ra tez o’tib ketadigan, o’lim va oxiratdan ko’ra yaqinroq, orzudan ko’ra uzunroq, xotirjamlikdan ko’ra go’zalroq narsa yo’q ekan.

NAJMIDDIN KUBRO

 

Odamning umri avvalida qilgan ishlari umrining oxiridagi ishlariga ham dalolatdir.

MAHMUD ZAMAXSHARIY

 

Men ko’p joylarni kezdim va olam ahvoliga qaradim. Unda hayronlik kaftini iyagiga tirovchidan yoki pushaymonlik barmog’ini tishlab turuvchidan boshqani ko’rmadim.

ABU ALI IBN SINO

 

Ko’rdimki, vaqtini essiz, qaniydi, koshkilar bilan o’tkazgan kishining umri eng qisqa ekan.

NAJMIDDIN KUBRO

 

Garchand uzoq umr ko’rgan bo’lsalar-da, ko’p odamlar g’o’r va tajribasizdir.

MAHMUD ZAMAXSHARIY

 

Jonni amonat, umrni inoyat bil.

MOTURIDIY

 

Kishi taqdirdin bo’lmas chu qochib.

ALISHER NAVOIY

 

Dunyoning yugurikligini, vaqt va zamonni ortga qaytarib bo’lmasligini his etgan odamga turmushning kundalik g’alvalari ham, olamdagi benihoya ulkan hodisalar ham arzimas bo’lib tuyuladi.

ABDULLA ORIPOV

 

O’tgan hayotingni o’z mualliming bil.

MOTURIDIY

 

Agar olam tig’i o’z joyidan qo’zg’alsa, xudo xohlamasa biror tomirni ham qirqolmaydi.

ZAHIRIDDIN MUHAMMAD BOBUR

 

Dunyoga kelib ranju baloni ko’rub o’ttum,

Yuz ranju balo shiddatidin o’rgulub o’ttum.

Dunyoga ko’ngul bersa kishi bo’lg’usi rasvo,

Bu foniy jahon mulkiga shatto urub o’ttum.

MASHRAB

 

Dunyoni bukun davr ila davroni g’animat,

Kelturdi xaloyiqni ki mehmoni g’animat.

UVAYSIY

 

Bu dunyo ibratli ishlar-u, pand-nasihatlarga to’ladur, ayni vaqtda ko’z yoshlariga ham serob.

 MAHMUD ZAMAXSHARIY

 

Ey, dunyo, o’z farzandlaringga avvalida totli (shirin) ko’rinasan, so’ngra achchiqroq tuyulasan, ularga qarashasan – oxirida ulardan kechib, ayrilasan.

MAHMUD ZAMAXSHARIY

 

“Tafakkur durdonalari” kitobidan

 

BU HAR BIR MUSULMON OTA-ONA UCHUN ZARUR

Farzandlar Alloh taoloning O’z bandalariga ato etgan ne’matidir. Shu bilan birga, ular Yaratganning sinovi hamdir. 

Muborak hadislarning birida Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar: “Hammangiz cho’ponsiz va har biringiz o’z suruv-podasiga mas’ulsiz. Boshliq bir cho’pon va qo’l ostidagilariga masul. Erkak oila ishlarining cho’poni va ularga masul. Ayol xo’jalikning uyida bir cho’ponidir va farzandlariga mas’ul. Xizmatchi (ishchi) xo’jayinining (ish berganning) molini cho’poni va ularga mas’ul. Hammangiz cho’ponsiz va har biringiz (o’z) suruvingizdan mas’uldirsiz”. Shunga ko’ra, farzand voyaga yetqazayotgan yoki bunga tayyorgarlik ko’rayotgan har bir kishi borki, uning oldida bir savol ko’ndalang turadi: “Allohni rozi qilish uchun farzandni qanday tarbiyalash kerak? Ularni baxtli qilish va ularda eng yaxshi sifatlarni kamol toptirish uchun nimalar qilish kerak?” Demak, ushbu maqolamizda bu borada bir qancha maslahatlarni tavsiya etamiz.

  1. O’zingizni tarbiyalang. Avvalambor, o’zingizda yaxshi sifatlarni kamolga yetkazing. Farzandingizga qancha odob-axloq o’rgatib, aqlu idrokli bo’lishga undamang, ular sizdan namuna olishadi. Ularga dinni o’rgating, yoshlikdan boshlab islom muhitida voyaga yetsinlar va diniy bilimni oila bag’ridayoq o’zlashtirsinlar. Bolalaringizni islomning go’zalligini ko’rishga o’rgatishingiz, asl mohiyatidan xabardor qilishingiz juda muhimdir.

  2. Turmush o’rtog’ingizni seving. Bir-biringiz bilan o’zaro uyg’un va iliq munosabat o’rnatishga harakat qiling. Ota-onalarning munosabatlari farzandlar uchun juda ahamiyatlidir, shundan kelib chiqib ularda oldindagi oilaviy hayot to’g’risida tushuncha shakllanadi va ularning bo’lajak munosabatlari ham yoshlikda o’sgan va ko’rgan muhiti misolida o’rnatiladi. Onalar turmush o’rtoqlarining yaxshi fazilatlarini maqtashlari va rag’batlantirishlari lozim, o’g’il bolalar hamisha ana shu xislatlarga intilishlari uchun er kishilarda bo’lishi lozim bo’lgan xususiyatlar haqida gapirishlari, ularni yaxshi tomonlarini ta’riflashlari kerak. Agar oilada qiz farzand voyaga yetayotgan bo’lsa, otalar o’z ayoli va qiziga nisbatan mehribon bo’lishi, ularga g’amxo’rlik qilishi lozim.

  3. Bolalarni gadjetlarga o’rgatmang. Zamonaviy texnologiyalar asrida, ko’pchilik ota-onalar o’z bolalarini chalg’itish va ovutish uchun farzandlari ko’p vaqtlarini kompyuter, planshet, telefon va televizor qarshisida o’tqazishlariga yo’l qo’yib berishadi. Bu holat aslo to’g’ri emas. Bundan tashqari, siz farzandingizning sog’lom va mo’tadil bolaligiga putur yetkazasiz, ular o’zlarini to’laqonli namoyish etishlariga to’sqinlik qiluvchi yaramas odatlarga kichikligidanoq o’rgatib qo’yasiz. Farzandingizning biror ko’rsatuv yoki multfilm ko’rishlari uchun ma’lum vaqt miqdorini belgilang, va albatta ularning mazmunini sinchiklab kuzating. Shu bilan birga, ular mashg’ul bo’layotgan bu narsalar milliy va islomiy qadriyatlarimizga zid kelmasligi darkor. Boshqa vaqtlarda esa, ularni turli ahamiyatli mashg’ulotlar bilan band eting.

  4. Farzandlaringizga mehru muhabbat, rahmu shafqat bilan munosabatda bo’ling. Payg’ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam bolalarga mehribon bo’lganlar. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda aytiladiki: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o’z huzurlarida Aqra’ ibn Hobis Taymiy o’tirganda Hasan ibn Alini o’pdilar. Shunda Aqra’: “Mening o’nta bolam bor. Ulardan birortasini o’pganim yo’q”, dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga nazar soldilar-da, so’ng: “Rahm qilmaganga rahm qilinmas”, dedilar.

Farzandlar Alloh taolo sizga ishonib topshirgan omonatdir. Biz ota-onalar Rabbimiz bergan mana shu eng qimmatbaho omonatga mehr va muhabbat, daqiq etibor bilan munosabatda bo’lishimiz zarur. Jufti halolingizni seving, bu muhabbatni farzandlaringizga ham ko’chiring, ularni asrang, xatolarini kechiring va mehribon bo’ling!

 

Xurshida Abdullayeva tayyorladi       

QAYG’UDAMISIZ? UNDA SO’ZIMIZGA QULOQ TUTING!

Hayot bir tekisda o’tmaydi, har bir inson hayotida qayg’uli kunlar o’tadi. Kimdir g’amlari ortidan sinib borsa, kimdir ularni mardonavor yengadi. 

Albatta, alamni boshdan kechirishni oson deb bo’lmaydi. Lekin, “boshga tushganini ko’z ko’radi”. To’g’ri, insonning hafa bo’ladigan va yig’laydigan vaqtlari bo’ladi, biroq bu vaziyat doimiy davom etmasligi lozim. Agar kishi hamisha hafa va yig’loq bo’lsa, u yashash kuchini yo’qotib qo’yadi. Doimiy hafalik holati odamni tushkunlik va bezovtalikka mahkum etadi. Yaxshisi, inson har qanday holatda ham biror yaxshilikni axtara olishi va quvonishga arzirli sabab topa bilishi kerak.

Dinimizda bu borada alohida ko’rsatmalar kelgan. Xususan, “qayg’u”, “hafalik” so’zi Qur’oni karimda ko’p marta zikr etilgan bo’lib, qayg’urishdan qaytarilgan. Jumladan, Tavba surasi, 40-oyatda “Tashvish chekma!” deyiladi. Yunus surasining 62-oyatida shunday marhamat qilinadi:

“Ogoh bo’lingizki, albatta, Allohning valiylari (do’stlari)ga xavf yo’qdir va ular tashvish ham chekmaslar”. Oyat mazmuniga ko’ra, Yaratganga yaqin kishilar g’am chekmasligi ta’kidlanadi.

Shuni unutmangki:

Tushkunlik kelajakdagi komillikni to’xtatadi va ruhiyatga ham hech qanday foyda keltirmaydi;

Imonli yuraklar qayg’uga tushib qolishini shayton yaxshi ko’radi, chunki qayg’urayotgan kishi Yaratgan roziligiga eltuvchi yo’ldan to’xtab qoladi va savob ishlardan uzoqlashadi.

Mashaqqatsiz yengillik kelmaydi.

Muammolarsiz yechim topilmaydi.

G’am-anduhsiz halovatga erishishning iloji yo’q.

Bularning barchasi Mehribon va Rahmdil Allohning marhamatidir.

Qayg’udan qutulish uchun bir nechta omillarga e’tibor qaratish lozim:

  1. Yodda tutingki, inson biror bir falokatga o’z-o’zidan yo’liqmaydi. Bu – Allohning irodasi, haqiqiy mazmunda “Yaratganning quli bo’lish” xulosasini o’ziga singdirish va har qanday holatda ham bu tushunchani mamnuniyat bilan qabul qilish lozim. Alloh taolo Tag’obun surasi 11-oyatida shunday marhamat qiladi:

“(Insonga) biror musibat yetgan bo’lsa, albatta, Allohning izni (irodasi) bilangina (etur). Kimki Allohga imon keltirsa, (U) uning qalbini to’g’ri yo’lga hidoyat qilur. Alloh har narsani biluvchidir.

  1. Qayg’udamisiz? Tushunishga harakat qiling: Alloh eng marhamatli va rahmdil Zotdir. U qiyinchilik yuborganda, ortidan yengillik ham jo’natadi. U hammadan ham ko’proq sizni yaxshi ko’radi va siz haqingizda qayg’uradi. U barcha narsani bilib turguvchi Zotdir. Siz uchun barcha narsa oldindan belgilab qo’yilgan, yaxshiliklar berilgan. Qur’oni karimda bu haqda Anbiyo surasi, 83-oyatda shunday keltirilgan:

  2.  

Yusuf surasi, 64-oyatda esa shunday deyiladi:

“... Bas, Alloh eng yaxshi asraguvchidir va U mehribonlarning mehribonrog’idir”.

  1. E’tibor bering! Har qanday qiyin holat – bu sizni davolash vositasidir, uni qiyinlashtirmang. Ayniqsa, Yaratgan bilan muloqotda ahvolingizdan norozi bo’lmang. Binobarin, qachon Alloh bandasiga yaxshilik xohlasa, U unga sinov va qiyinchilik ko’rinishida shifo yuboradi. Bu sinovlarsiz banda Yaratgan huzurida poklanmaydi, martabaga erishmaydi. Juda ko’p kishilar borki, ular muammolarni kuchli iztirob bilan o’tkazadilar. Oqibatda esa turgan gapki, bunday kishilar sinuvchan va tushkun bo’lib qoladilar.

  2. Siz qandaydir qiyinchilikni boshdan kechirayotgan bo’lsangiz, bu – Allohga yaqinlashtiruvchi sinov ekanini unutmasligingiz lozim. Qalbingizni qamrab olgan xiraliklar tozalanishida siz ro’baro’ kelgan tashvishning o’z o’rni bor, sinovlarning ham siz uchun foydasi mavjud. Imtihonlar sabab poklangan dillar ezgulik qilishga oshiqadi, xayrlari bois Yaratganga yaqinlashadi.

  3. Yana bir muhim jihat – musibatlarga sabr qilish gunohlarni yuvishga xizmat qiladi. Bardoshli bo’ling, natijada qayg’udan uzoqlashasiz, gunohlaringiz yuvilishiga zamin yaratasiz. Bu haqida Sahihi Muslimda keltirilgan hadisda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) shunday marhamat qilgan ekanlar: “Mo’minga yetgan har bir hastalik, xorg’inlik, og’riq, maxzunlik va hatto ham-tashvish ham uning gunohlariga kafforat bo’ladi”.

Eng muhimi, siz musulmon ekaningizni yodda tuting. Musulmon kishi qiyinchilik va mashaqqatda o’zini yo’qotib qo’ymaydi. Og’ir damlarida: “Inna lillahi va inna ilayhi roji’un” degan fikrni yuragiga va ongiga singdiradi. Allohning kalomida shunday ta’kidlangan:  “Bas, albatta, har bir qiyinchilik bilan birga yengillik bordir. Albatta, har bir qiyinchilik bilan birga yengillik bordir” (Sharh, 5–6). Ana shu fikr bilan yashaydi musulmon kishi.

Atrofga tafakkur nigohi bilan qarang. Bugun dunyoda insonlarni nimalar tashvishga solyaptiyu sizni qanday qiyinchiliklar yengib qo’ymoqda?  Vaholanki, siz ega bo’lgan ne’matlarning sanog’iga yetish mushkul. Ana shu in’omlarni bergan Alloh uchun hamdlar ayting, har qanday holatda ham shukr aytishga arzirli sabab izlang. Siz dunyodagi eng baxtli insonsiz!

 

Sharifa G’ANIYEVA