ODAMLARGA FOYDAMIZ TEGSIN

Mahalla deganimizda, eng oldin qo’ni-qo’shnilar tushuniladi. Qo’shnilarga yaxshilik qilish o’zaro aloqalarni yanada mustahkamlashga, tinchlikni ta’minlashga sabab bo’ladi.

Alloh taolo marhamat qiladi: "Ota-onalarga yaxshilik qilinglar! Shuningdek, qarindoshlarga, yetimlarga, miskinlarga, qarindosh qo’shniyu begona qo’shniga yoningizdagi hamrohingizga, yo’lovchi (musofir)ga va qo’l ostingizdagi (qaram)larga ham (yaxshilik qilinglar)!.." (Niso, 36). Oyati karimada qo’shnilar ikki toifaga bo’lib zikr qilingan: qarindosh va qarindosh bo’lmagan qo’shnilar.

      Mo’min kishi dini, millati va nasabidan qat’i nazar, hammaga birday yaxshi muomalada bo’lishi kerak. Hadisi sharifda: "Kim Alloh taologa va oxirat kuniga imon keltirgan bo’lsa, qo’shnisiga ozor bermasin" (Muttafahun alayh), deyilgan.

       Yoshi ulug’ otaxonu onaxonlar mahallaning fayzidir. Ularni hurmat qilish, ziyoratiga borish, holidan xabar olish va nasihatu duolaridan bahramand bo’lish ham dinimiz ko’rsatmalaridan, go’zal insoniy sifatlardandir. Abu Muso Ash’ariydan (r.a.) rivoyat qilinadi: "Keksa musulmon kishini hurmat qilish Alloh taoloni ulug’lash demakdir"(Abu Dovud). Yana bir rivoyatda kelishicha, Rasululloh (s.a.v.): "Kichiklarimizga shafqat qilmagan va kattalarimizning sharaf va haqlarini bilmagan kishi bizdan emasdir", deganlar (Abu Dovud Termiziy).

       O’tgan azizlarimiz sunnatga va hadisi sharifga ixlos bilan amal qilishgan. Imomi A’zam (r.a.) o’ta parhezkor va taqvodor bo’lishi bilan birga xato qiluvchilarga nisbatan bag’rikeng zot edi. Bir qo’shnisi kechalari mast-alast bo’lib, bor ovozi bilan baqirar: "Zoe qildilar, qanday yigitni zoe qildilar", deb o’zicha qo’shiq aytib chiqar edi. Uning ovozi Abu Hanifaning oromini buzardi. Bir kecha o’sha qo’shnisining ovozi chiqmay qoldi. Tong otgach, Abu Hanifa uni surishtirib, mastligi bois qamalganini bildi. Voliyning oldiga borib, uni qamoqdan ozod qildi. Birga qaytib kelisharkan, Abu Hanifa (r.a) unga: "Ey yigit, seni zoe qildikmi?" dedi. "Yo’q, aksincha, meni qutqardingiz. Alloh ajr bersin!" dedi u va o’sha kundan boshlab ichkilikxo’rlikni tashladi.

     Insonning yaxshi va yomon kunida mahalla asqatadi. Xalqimizda: "Uzoqdagi qarindoshdan yaqindagi qo’shni yaxshi", degan naql bor. Shuning uchun mahalladagi barcha yig’inlarda ishtirok etish, ma’raka va marosimlarda qatnashish, bemorlarning holini so’rash, muhtojlardan xabar olib turish kabi ishlar kishining fazilatini oshiradi.

     Ulug’lardan birining oldiga bir kishi kelib: "Falon shahardagi falonchi kishi ulug’ odam ekan. Suv ustida yurar emish", dedi. "Suv ustida yuradigan odamga ajab- lanmang. Chunki o’rdak ham, baliq ham suvda suza oladi", deb javob berdi dono kishi. Boshqa bir odam kelib: "Falon shahardagi falonchi odam havoda uchar emish", dedi. U zot: "Havoda uchish ajablanarli emas, chunki qush ham havoda ucha oladi", deb javob berdi. Shunda odamlar hayron bo’lishib: "Suvda yurish va havoda uchish kabi karomatli ishlar ahamiyatsiz bo’lsa, inson qachon va qanday qilib kamolotga erishadi?" deb so’rashdi. U zot: "Zohiringda xalq (odamlar) bilan birga bo’lishing, botiningda Haq (Alloh) bilan birga bo’lishing, ularga yordam berishing haqiqiy kamolotdir", deb javob berdi.

Ikki odam bir vaqtda uyiga chaqirsa, uyi yaqinrog’inikiga borish, ehson va hadyalarni ham uyi yaqinlardan boshlash haqidagi hadislar ham mahalla ahllari o’rtasidagi munosabatga tegishlidir.

Poklikda baraka bo’ladi. Ko’cha-ko’yni va hovlilarni toza tutish mahallaning obodligiga hissa bo’lib qo’shiladi. Obod yurtda pok odamlar yashaydi, deb bejiz aytilmagan. Rasulullohning (s.a.v.): "Hech yaxshi amal qilmagan bir odam yo’ldan tikanli shohni olib tashlagani uchun Alloh taolo uning gunohlarini kechirib yubordi", deganlari rivoyat qilinadi (Abu Dovud). Abu Zarr (r.a.): "Yo Rasululloh, menga foydali bo’lgan biror amalni o’rgating", deganida, Rasululloh "Musulmonlarning yo’llaridan ularga ozor beruvchi narsalarni olib tashla", deb buyurganlar (Imom Muslim rivoyati).

Dinimiz bizlarni hamjihatlikka, poklikka, ozodalikka buyurar ekan, bu amr zamirida yuksak madaniyat bilan bir qatorda inson salomatligini saqlash maqsadi ham yotadi. Shunday ekan, barchamiz mahallalarimiz obodligi va tozaligi yo’lida yaxshi ishlarni ko’p qilishga intilaylik.

                                                                                

       Muhammadkarim IBOYEV

“Hidoyat” jurnalidan olindi

QUR’ONDAGI 9 TA ILMIY FAKT

“Toki ularga uning (Qur’onning) haq ekani aniq ma’lum o’lgunicha, albatta, biz, atrofdagi va o’z vujudlaridagi alomatlarimizni ko’rsatajakmiz. Axir, (ularga) Robbingizning barcha narsaga guvoh ekani kifoya emasmi?”

“Fussilat” surasi, 53-oyat

Qur’on Payg’ambar alayhissalomga VII asrda nozil qilingan. O’sha vaqtda ilm-fan hali rivojlanmagan edi. Odamlar quyosh yer atrofida aylanishi va yer filning ustida joylashganiga ishonishardi. Ana shunday bilimsizlik, jaholat davrida turli sohalardagi ilmiy faktlar haqida so’z boruvchi Qur’oni karim nozil qilindi. Ammo Qur’on – ilmiy kitob emas, balki u kelajak, Qiyomat kuni, o’tgan ajdodlarning qilgan ishlariga yarasha jazo yoki mukofot berilgani, insonning ichki dunyosi haqida ibrat va eslatmalar beruvchi muqaddas Kitobdir.

Ayrim kimsalar Qur’on matnlari ilmiy kashfiyotlar bilan birga o’zgarib borishi mumkinligini aytishi mumkin. Biroq bunday bo’lishi mumkin emas, chunki Qur’oni karim Payg’ambarimiz (s.a.v.) davrlarida yozib olingan edi. U zotning o’limidan bir qancha yil o’tib yozilgan nusxalaridan biri O’zbekiston muzeyida saqlanadi. Ushbu Qur’on matnlari bugungi kunda dunyo bo’ylab keng tarqalgan arablarning o’sha davrdagi Qur’on yozuvi bilan aynan bir xil. Biz quyida Qur’ondan yaqindagina kashf etilgan ilmlarning faqatgina Parvardigor qudrati ila paydo bo’lganini tasdiqlovchi ba’zi bir faktlarni keltiramiz.

1.Hayotning suvdan paydo bo’lganligi.

Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi: “Kofir bo’lganlar osmonlar ham, yer ham (avvalda) yaxlit bo’lganini, bas, Biz ularni yorib yuborganimizni va barcha tirik mavjudotni suvdan (paydo) qilganimizni ko’rmadilarmi?! Endi ham imon keltirmaydilarmi?!” (“Anbiyo” surasi, 30-oyat). Suv – hayot manbai ekanini barchamiz yaxshi bilamiz. Biroq VII asrda Arabiston cho’lida kim ham buni bilardi? Organizmlar hujayralardan, hujayralar esa asosan suvdan tashkil topgan. Masalan, standart jonzotning 80% sitoplazmasi suvdan iborat ekanini biolog olimlar o’z asarlarida yozishadi. Bu fakt esa mikroskop kashf etilgandan so’nggina aniqlangan edi.

2. Temir .

Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi: “Yana, Biz temirni tushirdik. Unda quvvat va odamlar uchun manfaatlar bordir” (“Fussilat” (“Temir”) surasi, 25-oyat)

Temir Yerning tabiiy materiali hisoblanmaydi. Olimlar million yillar ilgari yerga tarkibida temir bo’lgan va olis planetalardan keltirilgan meteoritlar hujum qilganini kashf etishdi. Oyatda, shuningdek, yerga temir tushirilgani haqida aytilmoqda. Bundan temir avvaliga yer materiali bo’lmagani, balki yerning uzoq chekkasidan yuborilgani haqida xulosa qilish mumkin.

3. Osmon himoyasi.

Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi: “Osmonni saqlab turuvchi tom qilib qo’ydik. Ular (mushriklar) esa, ularning alomatlaridan yuz o’giruvchilardir” ( “Anbiyo” surasi, 32-oyat)

Osmon yer himoyasida asosiy rol o’ynaydi. U yerni zararli quyosh nurlaridan asraydi. Agar samo bo’lmaganda edi, quyosh radiatsiyasi yerdagi barcha narsani nobud qilgan bo’lar edi. U xuddi yerni o’rab turuvchi himoya ko’rpasi yoki choyshab vazifasini o’taydi. Chunki osmon chegarasidagi quyosh harorati 270 gradus Sel’sini tashkil etadi. Agar bu harorat yergacha yetib kelganida, hamma narsa bir onda muzlab qolgan bo’lardi. Bu osmonning ko’plab vazifalaridan biri xalos.

4. Tog’lar.

Qur’oni karimda shunday marhamat qilinadi: “Biz Yerni to’shak qilib qo’ymadikmi?! Tog’larni esa (Erni tutib turuvchi) qilib qo’ymadikmi?!” (“Naba’” surasi 6-7 oyatlar).

Qoziqlar – bu tog’lar tuzilishining aniq tasviridir. Geofizik Frenk Press “Yer” nomli kitobida aytishicha, tog’lar xuddi qoziqlar singari yerga qoqib qo’yilgan. Masalan, balandligi 9 km bo’lgan Everest yer osti bo’ylab 125 km ga cho’zilgan. Tog’larning ushbu xususiyati faqatgina 20 asrda yer qatlamlari tektonikasi nazariyasi orqali ma’lum bo’ldi.

5. Koinotning kengayishi.

Qur’oni karimda shunday marhamat qilinadi: “Osmonni Biz “qo’llar” bilan barpo etdik. Darhaqiqat, Biz qudratlidirmiz” (“Zoriyot” surasi 47-oyat).

Koinotning kengayishi haqidagi fakt faqatgina oxirgi yuz yillikda kashf etildi. Stiven Xoking “Vaqtning qisqa tarixi” nomli kitobida shunday yozadi: “Koinotning kengayishi to’g’risidagi ixtiro 20 asrning eng buyuk intelektual kashfiyotlaridan biri bo’ldi”.

6. Quyosh orbitasi.

Qur’oni karimda Alloh taolo shunday marhamat qiladi: “U kecha va kunduzni, Quyosh va Oyni yaratgan zotdir. (Bu ikkisining) har biri falakda suzib yurar” (“Anbiyo” surasi 33-oyat).

Quyoshning harakatlanmasligi va planetalarning uning atrofida aylanishi haqidagi gipotezani XVI asrda Nikolay Kopernik taklif etgan edi. Ushbu gipoteza olimlar tomonidan XX asrgacha qo’llab-quvvatlangan. Bu gipotezani ma’qullaganlar Qur’on oyatini noto’g’ri deb hisoblashar edi. Biroq so’nggi yuz yillik izlanishlar ko’plab yangiliklarni kashf etdi, shu bilan birga quyoshning orbita bo’ylab aylanishini ham. Shunday qilib, Qur’oni karimda aytilgan haqiqat o’z isbotini topdi.

7. Okean.

Alloh taolo imonsizlikni dengiz to’lqiniga qiyos etgan: “Yoki (kofirlarning qilgan amallari) qavatma-qavat to’lqin va uning ustida (qora) bulut qoplab olgan sermavj dengizdagi zulmatlarga o’xshaydi. (Ular) ustma-ust zulmatlardir: qo’lini chiqarib (qarasa) uni ko’ra olmas. Kimgaki Alloh nur (imon) bermasa, bas, uning (uchun) hech qanday nur yo’qdir” (“Nur” surasi 40-oyat).

Olimlar to’lqin faqat okean yuzasidagina paydo bo’ladi, deb hisoblashardi. Biroq, okeanologlar okeanning yuza qismidan pastda ichki to’lqinlar bo’lishini ham kashf etishdi. Bu to’lqinlar inson ko’ziga ko’rinmaydi va ularni faqat maxsus asboblar yordamida aniqlash mumkin. Qur’oni karimda okean ostidagi to’lqinlar bilan qoplangan zulmat haqida, so’ng yana to’lqin va uning ostidagi bulutlar haqida so’z boradi. Bu oyat nafaqat yaqindagina kashf etilgan ichki to’lqinlar haqida, balki zulmat qa’ri haqida xabar beradi. Inson suv ostiga zarur asboblarsiz 70 m gacha tushishi mumkin va u yerda hali yorug’lik ko’rinib turadi. Ammo 1000 m chuqurlikka tushgach u yer faqat zulmatdan iborat ekanini bilishimiz mumkin.

8. Yolg’on va xatti-harakat.

Qur’oni karimda Alloh taolo marhamat qiladi: “Yo’q! Qasamki, agar u (bu yo’lidan) qaytmasa, albatta, Biz uning peshona sochidan tutamiz. O’sha yolg’onchi, adashgan (kimsaning) peshonasidan (tutib jahannamga olurmiz)” (“Alaq” surasi 15-16 oyatlar).

Ushbu oyat ko’pxudolik tarafdori bo’lgan va musulmonlarning islomga e’tiqod qilishlariga monelik qilgan Abu Jahlga nisbatan nozil qilingan. E’tiborli tomoni shundaki, oyatda Abu Jahl yolg’onchi deyilmagan, balki peshonasi eslatib o’tilgan. Olimlar yolg’on uchun insonning aynan peshonadagi prefrontal po’stloq qismi javob berishini kashf etishdi. Shuningdek, peshona qismi ongli xatti-harakatlar uchun javobgar ekan. Yolg’on ham, ongli xatti-harakat ham (“agar u bu yo’ldan qaytmasa”) miyaning peshona qismi bilan bog’liq bo’lishi eslatib o’tilgan.

9. Og’riq retseptorlari.

Uzoq yillar davomida og’riqni his qilish uchun miya javob beradi, deb hisoblanardi. Ammo keyin og’riq retseptorlari terining ustki qavatida joylashgani aniqlandi. Ularsiz inson og’riqni his qilmaydi. Qur’oni karimda Alloh taolo shunday marhamat qiladi: “Albatta, oyatlarimizni inkor etuvchilarni do’zaxda kuydirgaymiz. Azobni totsinlar deb, terilari kuyib bitishi bilan o’rniga boshqa (yangi) terilarni almashtirib turamiz. Albatta, Alloh qudratli va hikmatlidir” (“Niso” surasi 56-oyat). Ma’lumki, teri kuygandan keyin inson ortiq og’riqni his qila olmaydi. Shu sababdan ham Alloh taolo imon keltirmaganlik uchun jazo sifatida teri yangilanishi va og’riq yana davom etishidan ogohlantiryapti.

 

“Islam-Today” saytidan

Umida Qodirova tayyorladi

Zayd ibn Sobitdan (roziyallohu anhu) rivoyat qilinadi: "Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): "Alloh taolo Qur’onning O’zi nozil qilganidek o’qilishini yaxshi ko’radi", dedilar" (Ibn Huzayma rivoyati). Alloh taolo bunday marhamat qiladi: "... va Qur’onni

Zayd ibn Sobitdan (roziyallohu anhu) rivoyat qilinadi: "Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): "Alloh taolo Qur’onning O’zi nozil qilganidek o’qilishini yaxshi ko’radi", dedilar" (Ibn Huzayma rivoyati).

Alloh taolo bunday marhamat qiladi: "... va Qur’onni tartil bilan o’qing'" (Muzzammil, 4)

Hazrati Ali (roziyallohu anhu): "Tartil harflarni joyidan chiqarish va to’xtash o’rinlarini bilishdir", deganlar.

"Fatavoyi Qozixon"da arab harflarini yaxshi talaffuz qilolmaydigan kishi uni to’g’rilashi shart, bu ishda u uzrli bo’lishi mumkin emas, deyilgan. Demak, Qur’on harflarini yaxshi talaffuz qilolmaydiganlar uni tajvid qoidalariga mos o’qishga muttasil harakat qilishlari kerak.

Qur’onni tajvid qoidalariga muvofiq o’qish farzdir. Qur’on harflarini noto’g’ri talaffuz qilish oyat ma’nosini o’zgartirib yuboradi. Masalan, "Masad" surasidagi «hatob»ni «hatab» deb o’qilsa, ma’no o’zgaradi.

"Nasr" surasidagi "nasrulloh" kalimasi Allohning yordami ma’nosida. Agar undagi "sod" harfini "sin" qilib o’qilsa, burgut ma’nosini bildiradi. Yoki "xoliqun" yaratuvchi ma’nosida, uni biz "holiqun", deb o’qisak, so’zning ma’nosi sartarosh degani bo’ladi. Bunday xatolar sabab o’qilgan oyat ma’nosi o’zgarsa, namoz buzilishi yoki toat-ibodatlar nuqsonli bo’lib qolishi mumkin.

Shuningdek, Qur’on shifo, uni o’qigan insonning qalbi xotirjam bo’ladi. Hayotda uchraydigan qiyinchiliklarni yengib o’tishi oson kechadi. Qur’on o’qilgan uydan shayton, jinlar qochadi va Alloh taoloning rahmat va mag’firati yog’iladi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Qur’oni karimni o’qigan inson uchun har bir harfiga o’ntadan savob borligini aytganlar.

Oyatlarni to’g’ri, tajvid bilan o’qigan bandani Qur’on qiyomatda shafoat qiladi. Hadisda aytilganidek, bandalarning amallariga o’ndan yetti yuz baravargacha ajr-savob beriladi. Demak. Qur’oni karimni qanchalik to’g’ri va chiroyli o’qisak, shuncha ko’p savobga erishamiz.

 

Zafar Ahmad Tahonaviy ning "I’laus Sunan" kitobi asosida

Ulug’bek MIRSODIQOV tayyorladi.

“Hidoyat” jurnalidan

HARAM MASJIDI GILAMLARI QANDAY TOZALANADI?

Makkai mukarrama shahridagi Masjidul Haromda to’shalgan gilamlar qanday tozalanishi haqida bilasizmi? Ushbu maqolada mana shu juda ahamiyatli jarayon haqida ma’lumot berib o’tamiz.

Haram masjidida uning butun hududini qoplaydigan 30000 yashil gilam to’shalgan. Agar bu gilamlarning barchasi bir yerga yig’iladigan bo’lsa, ularning umumiy uzunligi deyarli 100 kilometrni tashkil etadi. Ikki muqaddas masjid xodimi Qirol Salmon gilamlarga alohida ahamiyat qaratadi. Hojilar o’z ibodatlarini yoqimli sharoitda amalga oshirishlari uchun gilamlar gul iforini taratib turishi lozim. Masjiddagi gilamlarni tozalash ishlari bilan maxsus bo’lim shug’ullanadi. Har kuni 200 ta gilam ximik tozalashga topshiriladi. Bo’lim xodimlari ularni saralab, bir necha bosqichli tozalash ishlarini boshlashadi.

Birinchi bosqichda gilamlar uchun mo’ljallangan yuqori texnologiyali keng qamrovli tozalash mashinalari yordamida chang va kirlar ketkaziladi. So’ngra gilamlar tozalovchi va dezinfeksiyalovchi vositalar yordamida yaxshilab yuviladi. Shundan keyin gilamlar namlikni siquvchi sentrifugaga solinadi, bu moslama odatdagi kir yuvish mashinalarining barabaniga o’xshaydi, biroq hajmi kattaroq. Suvni siqish jarayoni 1,5 daqiqa davom etadi. So’ngra gilamlar to’liq quritish uchun quyoshga olib chiqiladi. Havo haroratiga qarab bir yoki ikki kun davomida quyosh tagida qoldiriladi. So’nggi bosqichda gilamlar changyutgich va supurgilar yordamida yana qaytadan changlardan yaxshilab tozalanadi. Shundan keyin, nihoyat gilamlarga atirgul ifori sepiladi. Shu bilan tozalash va dezinfeksiyalash jarayonlari nihoyasiga yetadi.

Alloh taolo barchamizga ana shu yerlarda haj ibodatlarini amalga oshirishni nasib etsin!

 

Xurshida Abdullayeva tayyorladi