KATTA BADR G’AZOTIDA MUSULMONLARGA ALLOHNING YORDAMI

Katta Badr g’azoti hijratning ikkinchi yilining Ramazon oyida sodir bo’lgan. Bu g’azot musulmonlarning Quraysh bilan to’qnashgan dastlabki hal qiluvchi urush bo’lgan edi.

Rahmat yomg’iri

Allox azza va jalla shu kecha shunday bir yomg’ir yogdirdiki, u mushriklarga katta balo bo’lib, (turgan joylari balchikka aylanib) ular o’rinlaridan kimirlay olmay qolishdi, musulmonlar uchun esa raxmat yomg’iri ularoq ulardan shaytonning vasvasalarini yuvib ketdi va yerni ular uchun yurishga qulay qilib qo’ydi, qumlar qotib, oyoqlar botib ketmaydigan bo’lib qoldi.

Musulmonlarning tunni o’tkazishi

SHundan so’ng Rasululloh sollallohu alayhi vasallam lashkar tayyorgarligini ko’zdan kechirdilar. Bo’lajak jang maydonida yurib, o’z qo’llari bilan ishora kilib: «Insha Alloh mana bu yer falonchining ertaga xalok bo’ladigan yeri, mana bu yer esa, falonchining xalok bo’ladigan o’rni», dedilar. So’ng Payg’ambar sollallohu alayhi vasallam tunni o’sha yerdagi bir daraxt tanasiga yuzlanib namoz o’kib o’tkazdilar. Musulmonlar xotirjam, ertangi kunga ishonch bilan, qalblari imonga to’lik holda tunni tongga uladilar, so’ngra Parvardigorlari bergan xushxabarga shohid bo’lish umidida yotib, uykuga ketdilar: «O’shanda xotirjam bo’lishingiz uchun sizlarni O’z tarafidan uyquga cho’mdirgan va poklab, sizlardan shayton vasvasasini ketkazish uchun, dillaringizni bir va qadamlaringizni mahkam qilish uchun ustingizga samodan suv yomg’ir yog’dirgan edi» (Anfol, 11).

Ushbu kecha hijratning ikkinchi yili Ramazon oyining o’n yettinchisi, juma kechasi edi. Rasulullox solallohu alayhi vasallamning Madinadan chiqishlari shu oyning sakkizinchi yoki o’n ikkinchi kuni bo’lgandi.

Farishtalarning tushishi

Rasululloh solallohu alayhi vasallam bir zum mudragandek holatga tushdilar, so’ng boshlarini ko’tarib: «Xushxabar, yo Abu Bakr, ana Jabroil ko’rindi, yelkalariga chang qo’ngan», dedilar. Ibn Ishoq rivoyatida: «Xushxabar, yo Abu Bakr, sizga Alloxning nusrati keldi. Mana, Jabroil otining tizginidan tutib turibdi, uning yelkalariga chang qo’ngan», - dedilar. 

 Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sovut kiygan hollarida, «Yaqinda bu jamoat yengilib, ortlariga qarab kochib qolurlar!» (Qamar, 45) oyatini o’kiganlaricha chodir eshigidan shitob bilan chikib keldilar, bir xovuch mayda tosh-tuprok olib, Qurayshliklar tomonga yuzlanib: «Bu yuzlar rasvo bo’lsin», deb ularga qarata otib yubordilar. Bironta ham mushrik qolmay, yuz-ko’ziga, og’izlariga o’sha tosh-tuproqlar borib tegdi. Bu hakda Alloh taolo oyat nozil kildi: «(Ey Muhammad sollallohu alayhi vasallam, ularning yuziga qo’lingizdagi bir siqim toshchalarni) otgan paytingizda, siz otmadingiz, balki Alloh otdi» (Anfol, 17).

SHunday qilib, musulmonlarning sonlari kam bo’lishiga qaramay Allohning yordami bilan mushriklarni tor-mor etdilar.

 

 

Ko’kaldosh o’rta maxsus islom bilim yurti

4-kurs talabasi SHarofiddinov Ilyosbek

 

SUVGA CHO’KKAN ORZULAR (HAYOTIY HIKOYA)

Poytaxtga kelganimga necha yillar bo’lgan bo’lsa-da qishlog’imni, mahallamni, u yerdagi samimiy odamlarni sog’inaveraman. 

Har safar borganimda nimadir yangilik eshitaman, biroq, bu xabarlar doim ham yaxshi bo’lavermaydi. O’sha mash’um xabarni eslaganimda haligacha murg’ak chaqaloq yig’isi, noshukr kelinning nolishi, mushfiq onaning faryodlari qulog’imga chalinaveradi...

Bundan 3 yil muqaddam... Bolaligim o’tgan hovlida endigina atak-chechak qila boshlagan o’g’lim bilan mehmonman. Sog’ingan mahallam, dugonalar, qadrdon oila a’zolarim. Ularning diydori – buyuk saodat. Har doimgidek ayamdan qishlog’imiz yangiliklarini so’rayman. Ayam juda bosiq, kamgap. Ko’p narsani mendan yashiradi, “qizginam o’ylanib, xavotir olmasin”, deydi-da. Gap orasida dugonam SHahnoza haqida, o’g’lim bilan deyarli tengdosh o’g’li haqida so’radim. SHahnoza keyingi paytda ancha o’zgarib ketganini gapirar ekanman, gapim chala qoldi: Ayam chuqur xo’rsinib, ko’zlarini tez-tez yumib ochar edi, go’yoki yig’isini bosishga harakat qilayoganga o’xshar edi. Nimadir bo’lganini angladim.

  • Tinchlikmi, SHahnoz yana arazlab ketdimi. Yoki... yoki ajrashdimi?

Ayamni yaxshi bilaman, faqatgina juda qayg’urgandagina shunday ko’rinishda bo’ladi

  • Ayajon aytavering, uning qulog’ini o’zim cho’zib qo’yaman... gapirsangizchi... o’tgan safar u bilan ko’rishganimda judaa noligan edi. O’g’li, ovunchog’i bo’lsa qo’lida...

SHu gaplarni ayta turib ayamning unsiz yig’layotganini, ro’molining bir chetini tishlab, ovoz chiqarmaslik uchun tirishayotganini sezib qoldim. Demak, bu yerda jiddiyroq gap bo’lgan. Eng qiyin vaziyatlarda ham yig’lamaydigan ayajonim ko’z yosh qilayapti?..

  • Ayajon, iltimos ayting, xavotir ola boshladim

  • Qizim, endi o’zingni qo’lga olishing kerak, faqat qo’rqib ketmagin xo’pmi. Hozir hammasini aytib beraman... SHahnoza qaynonasi bilan oxirgi paytlarda juda ko’p tortishib yurdi. O’g’lini uradigan, sal narsaga asabiylashib janjal ko’taradigan odat chiqardi. Eri, akasi bilan xotini ishlash uchun Rossiyaga ketgach, u yanayam jirraki bo’lib qolibdi. Bir oylar oldin ayni dugonang va o’g’lining tug’ilgan kunida shunaqa xabar keldi (ular bir kunda tug’ilgan edi).  Uning jasadi... kanaldan topilibdi...

  • Nima?... bo’lishi mumkin emas!

  • ... bu hammasi emas... undan oldin bolasini...

Endi bunisiga chiday olmadim. O’rnimdan turib tashqariga yo’l oldim. Ayam meni to’xtatdi:

  • Mana bu suvni ichib olgin. Axir o’g’lingga yomon ta’sir qiladi. O’tirib o’zingga kelib olishing kerak.

  • Xo’p. Mendan xavotir olmang, men yaxshiman... shunchaki... nega bunaqa bo’libdi. Nima, SHahnoza suv olib kelishga bolasini ko’tarib chiqibdimi?

  • Yo’q-da. Janozada aytishlaricha, uydan urushib chiqib ketgan, o’g’li ham qo’lida bo’lgan. Avvaliga qaynonasi kelin uyiga arazlab ketdi, deb o’tiravergan. Habiba xolang (oyisi) qaynonasiga hol-ahvol so’rab telefon qilgach, qidirishni boshlashgan... tahmin qilishyaptiki... bolasi bilan o’zini suvga tashlagan... O’sha kuniyoq bolasi topilgan, og’ir ahvolda bo’lgani uchun kasalxonaga ham yeta olmagan. Ertasi kuni esa o’zi ham topilgan.

Xayolimdan ming xil savollar o’ta boshladi. SHasht bilan o’rnimdan turdimu ayamning xavotirga to’la ko’zlarini ko’rib biroz o’zimga keldim.

  • Ayajon iltimos mendan xavotir olavermang. Men borib fotiha o’qib kelaman. Nevarangiz ham uxlayapti

  • Balki biror soatlardan keyin borarsan, band bo’lishsa...

  • Yo’g’e, hozir ayni vaqti. Keyin ulardan emas mendan ko’proq tashvishlanyapsiz. Men esa yaxshiman.

Ko’chaga chiqqanimda yana ko’nglim buzilib ketdi. Odamlarga nima kerak o’zi? Ularning yashashdan maqsadi ne? Jon qadri, farzand hayoti bunchalar arzon bo’lmasa??? Xayolimga oxirgi gaplashgan kunimiz keldi:

  • Biz besh oylik bo’ldik. Qara, SHahnoz o’g’ling kuniga kichik bo’lsa ham o’g’limdan kattaroqqa o’xshaydiya. Tuf-tuf ko’z tegmasin! – degandim.

  • Ee o’rtoqjon. Mazza qilib erkin ozod qush bo’lib uchib yuribsanda. Sen bilan bolaligimizda qancha orzular qilar edik, eng yaxshi o’qishlarda o’qib, chet davlatlariga borib sayohat qilsak, yaxshi ishlab mashinalar olib minsak... derdik. Men bo’lsam o’qimadim ham. Oilaviy holatim mana bunday... Mening hayotimni tasavvur ham qilolmaysan. Ovsinim ham eri bilan ishlagani ketdi, yallo qilib yurishgandir hozir. Oxiri yo’q zulmlar, kamsitishlar... uyimga arazlab ham bora olmayman. “Hamma ayb o’zingda, biror xato qilgandirsan” deyishadi. Darrov qaytarvorishadi.

  • Seni o’ylashadi-da. Oilang oila, uying uy bo’lsin, deyishadi. Nima qilishlari kerak, qaynonang bilan teppa-teng urushib, jiqqa musht bo’lishsinmi?

  • Haaa, qaynonamga bas kelish mumkin emas. Faqat o’lib qutulish mumkin undan

  • Ee nafasing qursin. Qaynonang yaxshi odamga o’xaydiyu. SHunaqa beg’ubor go’dakni oldida shu gapni aytishga uyalmaysanmi? Qara og’zini ochyapti, ber bunga ovqatini, assalim, polvonim, ayasi nimalar deyapti, e’tibor bermaymiz, xo’p. Ana o’g’ling ham gapimni ma’qullayapti, ie hiqichoq tutib qolibdiyu...

O’shanda SHahnozani taniy olmadim. U juda hasadchi bo’lib ketgandek edi nazarimda. Nolishlari, ovsini haqidagi g’iybatlari menga yoqmadi. Boshqa gaplashgim kelmadi. Har yili tug’ilgan kunida nimadir sovg’a jo’natar edim, bu yili telefon qilish ham xayolimga ham kelmabdi.

Ana shunday xayollar bilan manzilimga qanday yetib borganimni bilmay qoldim. O’sha pastqam, devorlari nuragan, uylari paxsasifat ko’rinish olgan hovliga kirib borar ekanman, dugonamning to’yi esimga tushdi. Oppoq ko’ylakda bir olam orzu niyatlari bilan ko’zlari yonib turgan dugonam, keyin... esa ortidan onasi dodlab qolgan tobut... ko’z oldimda gavdalandi. Ko’nglim og’rib ketdi. Bir muddat darvoza qarshisida turib qolganimni sezmabman. SHahnozaning qaynonasi yig’lab men tomonga kela boshladi.

  • Voy bolaaam, o’rtog’izzi berib qo’ydiiik. Voy bolalariiiim... Bu qanday ko’rguliiik.

Qur’on tilovatidan so’ng o’tganlar haqqiga duo qildik. SHahnozaning onasi va yana kimlardir kelib ko’rishdilar.

Men biror so’z ayta olmasdim. Fikrlarim chalkashib yotibdi. Ayam to’g’ri aytgan ekan. Yaxshilab o’zimga kelib olishim kerak ekan... sukunatni Habiba xola buzdi

  • Yaxshimisiz qizim. Uydagilar tuzukmi. O’g’lingiz ham katta bo’lib qolgandir

Oxirgi so’zlari shu qadar titrab chiqdiki, yoniga borib, onaizorga sabr tiladim. Biroq qay so’z bilan taskin berishni, nimani gapirib ovutishni bilolmay yana sukutni lozim topdim. Xolam turib ichkariga yo’l oldi. Bechora cho’kib qolibdi, ham yolg’iz qizi, ham shirin nabirasi...

Qaynonasi o’zi gap boshladi.

  • Qizim, qarang SHahnoza nima qilib qo’ydi.

(ha, yaxshi ish bo’lmabdi, sabr bersin endi). Men biror so’z aytmay, xayolimda har bir gapiga javob berar edim.

  • Hammasiga o’zim aybdorman. SHu o’lgur Rossiyaga jo’natib yuborsam bo’lmasmidi

(Bu bilan muammo hal bo’lib qolarmidi?)

  • Bolajonim endigina shirin-shirin qiliqlari chiqayotgan edi-ya

(SHahnoza bolasining ko’zlariga qaramaganmidi? Bolaning beg’ubor ko’zlari odamga kuch bag’ishlaydi)

  • SHo’rlik bolalarim...

  • Sabr bersin aya, o’zingizniyam o’ylang, Allohning irodasi shu ekan...

Ichkaridan Habiba xola chiqib kelib yonimizga o’tirdi. Aftidan uyga kirib rosa yig’lab chiqqan ko’rinadi, ko’zlari qizargan, o’zi parishon. Sekin gap boshladi:

  • Qizim, sizni ko’rib ko’nglim buzilib ketdi. Bir sinfni birga tugatdinglar, bolalaring ham teng, biroq... u ham baxtli bo’lishga haqqi bor edi. U ham qancha orzulari bor edi. O’qishga kirmoqchi bo’lganida yolg’iz qizimizni o’qitmadik, dadasi ruxsat bermadi. Balki hammasi boshqacha bo’larmidi... Bechora bolalarimni ikkalasiniyam tug’ilgan kunlarida tuproqqa qo’ydik.

  • Kuyunmang xolajon, nima qilaylik Xudoyimning aytgani bo’lar ekan. ikki o’g’lingiz borku, ularni o’ylang endi...

  • Qizim hammadan mehribon edi. Akalariga hamma narsani o’rgatib turar edi. Bechora, arazlab borganida dadasi juda qattiq koyir edi. Hozir faqat o’zini ayblaydi. Men aybdorman o’zi...

  • Unaqa demang, axir sizlar oilasi buzilmasin degansizlar... Iltimos o’zingizni ehtiyot qiling, men boraqolay...

  • Mayli qizim, har kelganingizda ko’rinib turing, qizimdek bo’lib qolgansiz...

  • Xo’p...

Ular meni kuzatib ko’chagacha chiqishdi.

Eh odamzod. Nahotki, chorasizlikda shunday yo’l tanlash mumkin bo’lsa. Bechora go’dakda nima ayb, u dunyoga kelib ko’rgani shu bo’ldimi?

Xayol bilan ko’chaga yo’l oldim. Bir necha hovli naridagi kanal tomonga bordim. Suvlari hayqirib, tushgan odamni ayovsiz domiga tortib ketaman deyayotganday oqib turibdi. Dugonajonim shu darajada hayotdan to’yganmidiki, yolg’iz yodgorini ham yashashdan mahrum etibdi. Bolasini bag’riga bosib, suv oldida titrab turgan onaning holati ko’z oldimda gavdalandi. Endigina hayotni taniy boshlagan murg’akkina onasidan panoh tilab, talpinib tamshanib suv qa’riga g’arq bo’lishi... Ey hayot, bunchalar beshafqatsan. Ey inson qanchalar nodonsan, noshukrsan? Tirnoqqa zorlar qancha, shu bolaginangning shukrini qilib o’tiravermaysanmi? Sitamlarga bardosh berganingda balki bugun yorug’ kunlarga ham yetishgan bo’larmiding...  shu farzandingning birgina kulgusi oldida borki orzular ushalishi mumkin ediku...

Uyga kelgach, uyg’onib onasini qidirayotgan o’g’limni bag’rimga bosdimu yig’lab yubordim, ayam esa o’zimga kelib olishim uchun biror og’iz gapirmadi ham. Aybdor kim edi bunda, bunisini bilmadimu dugonamning bu ishini aslo oqlamagan bo’lar edim. Qaynona ham kelinim yaxshi bo’lsin, tajribalarimni o’rgatay deb gapiradi. SHahnozaning uyidagilari ham noto’g’ri ish qilishmagan, o’zbek oilasi borki, oilani muqaddas deb bilgan, uning buzilishiga olib boruvchi hech bir ishni yoqlamagan.

O’sha voqeaga mana uch yildan oshdi. SHahnoza va bolasi mudhish o’limga yuzlandi. Bechora ota-onalar yig’lab-yig’lab ko’zlari quridi, bu voqeani unutishga harakat qilishdi. SHahnozaning eri bir necha oydan so’ng boshqa qizga uylandi, qiz farzand ko’rishdi, dugonamning qaynonasi bu nevarasiga yaxshi niyatlar bilan SHahnoza deb ism qo’yibdi...

SHahnozaning mudhish hayoti ayrim kishilarga ibrat bo’lsin. Binobarin, umr bebaho, u faqatgina sitamlar uchun berilmagan. Alloh taolo mehribon va rahmdil Zotdir. Har qanday holatda ham Yaratgandan so’rab, yolvorsa O’zi yordam beradi. Bu borada Alloh taolo «Niso» surasida shunday marhamat qiladi: «O’zingiz o’zingizni o’ldirmang. Albatta, Alloh sizga rahmdildir. Kim buni dushmanlik va zulm yo’li ila qilsa, albatta, uni do’zaxga kirgizurmiz. Va bundoq qilish Alloh uchun osondir» (29-30-oyatlar).

 

SHarifa G’ANIYEVA

 

DUNYO HOJATIDAN SO’RAYAPSIZMI, OXIRAT HOJATIDANMI?

Hazrat Umarning nabiralari Solim ibn Abdullohning bu boradagi ishlaridan biri Abdurrahmon Ro’fa Bosho shunday yozadi: «Ummaviy xalifalaridan Sulaymon ibn Abdulmalik Makkaga hajga keldi.

Baytullohni tavof qilib yurib Solim ibn Abdullohni bir chekkada ka’baga qarab xushu’ bilan o’tirganini ko’rib qoldi. U Qur’on tilovat qilgan ko’yi yig’lar ko’z yoshlari ikki ko’zidan buloqdek oqar edi.

 

Xalifa tavofdan bo’shab ikki rakat namoz o’qigach, Solim o’tirgan tarafga bordi. Odamlar uni ko’rib yo’l bo’shatdilar. Uning yaqiniga o’tirdi. Solim buni sezmadi va unga qaramadi. CHunki u o’zi bilan mashg’ul, zikrga cho’mgan edi. Xalifa Solimni tilovat va yig’idan to’xtashini kutib, kuzatib turdi.

 

U to’xtagach, salom berdi. Alikdan so’ng xalifa past ovozda: «Hazrat, mabodo biror hojatingiz bo’lsa bajarib beraylik, ayting?!» –  dedi. Solim  javob qaytarmadi. Xalifa uni eshitmadi, deb o’ylab yaqinroq borib: «Biror hojatingiz bo’lsa, bajarib bersak degan edik», – dedi. SHunda Solim: «Allohga qasamki, men Uning uyida o’tirib undan boshqasidan hojat so’rashdan hayo qilaman!»,  – dedi. Xalifa xijolat bo’ldi va jim qoldi, lekin uni uzoqdan kutib turdi.

 

Solim namozini tugatib o’rnidan turib yurishga boshladi. Odamlar orqasidan ergashishdi. Biri undan hadisdan so’rar, yana biri fatvo so’rar,  boshqasi nasihat tilasa, yana birovi duo so’rar edi. Xalifa ham ular ortidan tushdi. Odamlar uni ko’rib yo’l bo’shatdilar.

 

U Solim ibn Abdullohning yaqiniga kelgach: «Mana masjiddan chiqdik, endi hojatingiz bo’lsa so’rang, bajaramiz», – dedi. SHunda Solim unga qarab: «Dunyo hojatlaridan so’rayapsizmi, yoki oxirat hojatidanmi?!», – dedi. Xalifa kutilmagan savoldan dovdirab qoldi va: «Albatta, dunyo hojatlaridan!», – dedi.

 

Solim: «Men dunyo hojatlarimni uning haqiqiy egasi bo’lgan Zotdan ham so’rashga hayo qilaman-u, haqiqiy egasi bo’lmagan kishidan qanday so’rayman?!»,  – dedi. SHundan keyin xalifa qattiq xijolat bo’ldi va uzr aytib yo’liga ketdi. U yo’lda ketar ekan, shunday der edi: «Ey Xattobning avlodlari, taqvo va zohidlik sizlarni muncha ham ziynatlamasa?! Alloh  ko’ngillaringizni dunyo moliga namuncha to’q qilmasa?! Doimo omon bo’ling!»

 

Rahmatulloh FAYZULLAEV,

 

Marg’ilon shahridagi “Robiya hoji ona” masjidi imom-xatibi

 

 Abdurrahmon Ro’fat al-Bosho. «Suvarun min hayotit tobein» kitobidan tarjima

MADINAI MUNAVVARA NE UCHUN MUQADDASSAN?

Madina... senda kim borki, tuprog’ing shunchalar aziz. Noming nega bu qadar jarangli va  huzurbaxsh. 

Senga kim qadam qo’ysa, qadamlari nurga burkanadi. Munavvar Madina senda kimning bo’yi  borki, hidlab to’ymaysan... SHahri munavvara sening har ko’chang bizga saodat asrini yodga soladi. Sening quyoshing ham asri saodat quyoshi yanglig’ vujudimizga shifo. Sening mayin nasiming esa yuzimizni ulug’ Zotning qo’llari ila siylangandek go’yo. Yo Madina, men ne qilayki, Masjiding jannat bog’laridan bir bog’ yanglig’ muqaddas. Ey Masjidi nabaviy, senda qanday sarvar  Zot borki, senga kirgan odam ikki dunyosi obod bo’lgay. Ey mohi Madina, bu kecha shunchalar to’linsanki,  bu komilliging komil Zotning sharofatidan bo’lsa ne ajab. Ey shahri A’zim, nega senga talpinar doim yurak, boisi yuragini ummat uchun bergan Zotning mehrimikin... Mening qalamim sening nomingni ta’riflashga ojiz, boisi senda shunday qalam Sohibi manguga qo’nim topganki, faqat ul Zotga bo’lgan  muhabbatgina qalamimni qoim qilgusi.

 

Zafar Xayrullayev