QULOQQA MASH TORTISHNING TIBBIY FOYDALARI HAQIDA BILASIZMI?

Tahorat qilish dinimizning talablaridan biri bo’lib, shariatda namoz o’qish, Qur’on tilovat qilish va boshqa ibodatlar oldidan zarur hisoblanadi.

Zero, tahorat Qur’oni karim va sunnat bilan buyurilgan. Tahoratning farzlari, sunnatlari va mustahablari mavjud bo’lib, bugungi maqolamizda uning sunnat amalidan hisoblanuvchi quloqqa mash tortishning tibbiy foydalari xususida so’z yuritamiz.

Ma’lumki, quloqqa mash tortishda ko’rsatkich barmoqlar bilan quloqlarning ichi, bosh barmoqlar bilan esa quloq orqasi, ya’ni ust tomoni mash qilinadi. Bu borada Ibn Abbos roziyallohu anhu: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam boshlariga va ikki quloqlari ortiga va ichiga mash tortdilar» deb rivoyat qilganlar. Demak, quloqqa mash tortishda qo’limiz yordamida unga ta’sir etamiz.

 Quloq faqatgina tovushlarni qabul qiluvchi a’zogina bo’lib qolmay, balki insonning sog’lig’ini bildiruvchi ko’rsatkich ham ekanligi bugun ko’pchilikka ma’lumdir. Quloqlar orqali qaysi a’zo kasallanganini bilish mumkin. Quloqda joylashgan nuqtalarni uqalash jarayonida deyarli barcha ichki a’zolar faoliyati tartibga solinadi, gipertoniyada qon bosimi pasayadi, tish og’rig’i va tomoqdagi og’riq yengillashadi yoki bartaraf bo’ladi. Quloq suprasi shakli bo’yicha inson embrionini yodga soladi. Shunga ko’ra, u yoki bu a’zoga bog’liq bo’lgan quloqdagi nuqtalarni bilib olish mumkin. Masalan, quloq solinchagi – bosh va bosh miyaga aloqador, supra kosasi esa – ko’krak qafasi, qorin bo’shlig’idagi a’zolar holatini ko’rsatadi va kerak holda davolaydi. Quloq suprasining tepa qismida gipertoniyada yurak-qon tomir tizimi faoliyatini me’yorga soluvchi nuqtalar joylashgan.

Quloqdagi biologik faol nuqtalarga ta’sir etish, ya’ni ularni uqalash orqali tetiklashish, davolash, rohatlanish va qator kasalliklarning oldini olish mumkin. Inson tanasidagi biologik faol nuqtalar bir tekisda joylashmagan. Ularning eng katta qismi quloq suprasida joylashgan bo’lib, ularning soni 110 dan ziyodni tashkil etadi. Tananing boshqa hech qaysi qismida bunday holatni uchratmaysiz. Mavzuga bevosita aloqadorligi bois, igna bilan davolash amaliyoti natijalari haqida aytib o’tish lozim. Ma’lumki, igna bilan davolashda kasallikni davolash va yengillashtirish, ba’zi paytlarda esa ichki a’zolardagi og’riqni butkul to’xtatib qo’yish mumkin. Gissen va Myunxendagi bir qancha klinikalarda narkoz yordamisiz yurakda jarrohlik amaliyotlari o’tqazilgan bo’lib, bunda bemorning quloq suprasiga bir nechta igna o’rnatilgan va ko’krak qafasi ochilgan. Bunda bemor hushida bo’lgan va og’riqni his etmagan. Buning sababi shundaki, quloqning ust tomoni ichki organlar va bosh miya bilan bog’langan. Mutaxassislar buni bilib, ma’lum biologik faol nuqtalarga ta’sir etishgan va og’riqni bartaraf qilishgan.

Demak, dinimizda buyurilgan tahorat, uning amallaridagi jarayonlar ham jismning, ham ruhning salomatligiga katta foyda keltiradi. Bundan 1400 yil muqaddam dinimiz tomonidan berilgan ko’rsatmalar bugun ilm-fanda o’z tasdig’ini topishda davom etmoqda.    

   

Xurshida Abdullayeva tayyorladi