Bir muddat tafakkur qiling yurtdoshim
Bolangiz ko’ziga boqing va o’ylang:
Jahonda ne ishlar sodir bo’lmoqda
Shukrona aytmoqchun dunyoga bo’ylang
Har makon tinch emas bugun zaminda
Kim kimni o’ldirib, yondirgani rost
Vahshiy zolimlarning kasofatidan
Tinchlikni orzulab yasharlar hayhot
Murg’ak go’daklarning aybi ne ekan?
Kimidir yetimlik zaqqumin totdi
Johillar shu bilan ko’ngli tinchmikan?
Nozik qo’llariga qurollar botdi...
Minglab norasida qorako’zlarim
Bevaqt ko’z yumdilar, ko’rmayin e’zoz
Jannat rayhonlarin ayamay toptab
Jannatni orzulash qay aqlga xos?!
Islomiy odobda, bolaning boshin
Tepadan pastgacha silamoq joiz
Aksincha silansa chekarkan ozor
Ozgina ozor ham ekan nojoiz
Qarang, dinimizning o’giti ajib
Shunchalar ehtirom go’daklar uchun
Islom da’vosini qilganlar oldin
Odobni, imonni bilmog’i ustun
Beg’ubor bolaning to’kkan ko’z yoshi
Jamiki dunyoning tashvishiga teng
Xatoyu illatni bilmagan qalbi
Pokiza billuru sadaflarga teng
Zaminning chetida bolalar sarson
Butun dunyo uni kuzatar sokin...
Kimdir duo qilar tilab omonlik
Kimdir ko’tarolmas bu xabar yukin
Bolalar joniga tajovuz nechun?
Ona sher ham yemas kiyik bolasin
Hayvondan vahshiylar bormi jahonda?
Rohatmi eshitish farzand nolasin?..
Yuragim faryodin yutaman arang,
Baxtli bolajonim bag’rimga bosib
“Shukr” deya artaman ko’zim yoshini
Iltijo qilaman Haqqa yolvorib:
“Sen O’zing Buyuksan, har nega qodir
Asra go’daklarni vahshiy zulmidan
Tavfiq ber kaslarga, ko’zi qonlarga
Shafqat ber ularning toshdek ko’ngliga
Allohim, dunyoda azob chekmasin,
Begunoh bolalar, norasidalar
Hech inson ko’rmasin sitamu alam
“Bolam” deya bo’zlamasin onalar
Dilbandlar bo’lsinlar olimu fozil
Dillari iymonu ixlosga to’lsin
Kurashsin zulmatga qarshi irfonla
Dunyoda ma’rifat ustuvor bo’lsin