MO’MINLARGA MUSHFIQ, MEHRIBON RASUL!

Alloh taolo O’z Kalomi sharifida shunday marhamat qiladi: “Batahqiq, sizlarga o’zingizdan bo’lgan, mashaqqat chekkaningiz uning uchun og’ir bo’lgan, siz(ning saodatga yetishishingiz)ga tashna, mo’minlarga mushfiq, mehribon Rasul keldi” (“Tavba” surasi, 128-oyat).

Darhaqiqat, Islom tarixiga hamda Payg’ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning hayot yo’llariga nazar solsak, u zotning qanchalar rahmdil, ko’ngillari yumshoq, cheksiz mehr va shafqat sohibi bo’lganlariga guvoh bo’lamiz. Zero, Rahmon va Rahim Alloh taolo u zot alayhissalomni mana shunday yaratgan, qalblarini rahmatga moyil etgan. Ushbu maqolamizda, Rasululloh alayhissalomning siyratlarini varaqlab, hayotlaridan ayrim lavhalarni misol tariqasida keltirishni lozim topdik. 

Ma’lumki, Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Islom dinini yoyish uchun Toif sari yo’lga chiqadilar. Manzilga borganlarida, u yerning aholisi U zotga misli ko’rilmagan ozorlarni berishadi. Qavmning esi pastlari, qullari va bebosh bolalari Payg’ambarimiz alayhissalomni so’kib, ortlaridan baqirib, masxara qiladilar. Bu ham yetmagandek, toifliklar yo’lning ikki chetiga turib olib, ayovsiz toshbo’ron ham qilishadi. Bu azob va sitamlardan oyoqlari qonga, qalblari dardu alamga to’lgan Payg’ambarimiz alayhissalomning huzurlariga Alloh taolo tog’ farishtasini yuboradi. Tog’ farishtasi ikki tog’ni bir-biriga qo’shib yuborib, o’zlariga shuncha ozor yetqazgan Toif ahlini halok etish uchun Rasululloh alayhissalomdan ruhsat so’raydi. Biroq, sabr va matonatda barchaga o’rnak bo’lgan, butun insonlar ichra eng rahmli zot Nabiyimiz sollallohu alayhi vasallam bunga izn bermaydilar. Izn bermaslik barobarida, “Ularning sulbidan Allohning yolg’iz O’ziga ibodat qiladigan, unga hech narsani shirk keltirmaydigan kishilar chiqishini umid qilurman”, deydilar. Bir mushohada qilaylik, qaysi bir inson o’ziga ozor bergan, izzat-nafsini poymol etgan, tahqirlagan odamlarga nisbatan qalbida adovat tuymaydi? Ularni jazolashni o’ylamasdan, qaytanga yaxshiliklar yetishini niyat qiladi? Hech kim (ayniqsa, bugun)! Faqatgina olamlarga rahmat Muhammad alayhissalom bunga qodirdirlar.

Rasulullohning ahli oilalariga, farzandlariga, xodimlariga muruvvatlari ham alohida bir mavzu. Hadislarga ko’ra, ayollarni billur deya e’zozlaganlar, biror marta ham ularga qo’l ko’tarish u yoqda tursin, qattiq gapirmaganlar. Oldilariga taom keltirilganida, agar yoqmasa, aslo undan ayb topmaganlar. Farzandlarni jannatning gul-u rayhonlari deb ikrom etib, ota-onalarni ularga mehr ko’rsatishga da’vat etganlar. Xodimlarga esa alohida ehtirom ko’rsatib, ishlaridan biror kam topmaganlar, buyurganlari biroz kechiksa-da, ularni koyimaganlar. Albatta, buning uchun insondan buyuk qalb egasi, cheksiz rahm va shafqat sohibi bo’lish talab qilinadi.  

Mana shularni o’qib turib, bugun olam rahmdillikka, rahmu shafqatga, rahmatga naqadar muhtoj ekanligini yurak-yurakdan his qilamiz. Nabiyimiz alayhissalomning: “Odamlarga rahm qilmaydigan odamga Alloh taolo rahm qilmaydi”, degan g’oyatda hikmatli hadislari aksariyatimizning yodimizdan ko’tarilganini ham davr ko’rsatib turibdi. Dunyoning ayrim chekkalarida jajji bolajonlarning ko’zini shodlik o’rniga egallagan g’am, vayronalar ostida qolgan olam-olam orzular, yo’llarda unutilayotgan xotirjamlik hissi, suvga g’arq bo’layotgan ne-ne armonlar va nihoyat o’zga yurtlarda toptalayotgan or va nomus mana shuning oqibati emasmi? Hattoki, ong va tilsiz jonzotlar olami bir-biriga ravo ko’rmaydigan holatni nahot Odam bolasi o’z qondoshlariga, jondoshlariga tilasa?

Rasululloh alayhissalom o’z hadisi shariflarining yana birida: “Rahmdillik faqatgina badbaxtdan sug’urib olinadi”, deb ogohlantirganlar. Alloh taoloning O’zi barchamizni ana shunday badbaxtlardan bo’lib qolishdan asrasin! Nabiyimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning pok sunnatlariga ergashib, toza qalblik, yumshoqko’ngillik, insonlarga muruvvatli va rahmdillik kabi oliy sifatlari bilan bezanishimizni nasib aylasin!

 

Xurshida Murodulla qizi,

“Ziyo media markazi” muharriri