MEROS

Rahmatli onajonim kitob o’qishni yoqtirar, kitobni farzandlariga eng yaxshi sovg’a deb bilardi. Uyimizda ham badiiy, ham diniy-ma’rifiy kitoblar ko’p edi.

Bir kuni javondan Tursunoy Sodiqovaning “Yashash tilsimi” kitobini oldim. Unda onajonimning tanish xati bilan bunday so’zlar yozilgan edi: Qizim Nigoraxon! Sizni sevib-ardoqlashim uchun jismimning bir bo’lagi bo’lgan o’g’lim Feruzjonni sevib, hurmat qilishni hech qachon unutmang. Feruzjon, o’g’lim, men baxtli bo’lishim uchun sizlar baxtli bo’lishingiz kerak. Doim yoningizda bo’lmayman, chunki bu – hayot. Meni men o’qigan kitoblarda eslashingizni, izlashingizni xohlayman. Onajoningiz”. O’sha kuni onajonimni, o’zlari aytganlaridek, u kishi o’qigan kitoblarda qayta topdim. Hayotning ba’zan oson, ba’zan qiyin kunlarida, sinovli damlarida onajonim nasihatlariga muhtoj bo’lsam, ulardan meros xazina – kitoblar menga nasihat qiladi, dardimga sherik bo’ladi. Onam vafotidan keyin g’amlarimni yengillatgan, hayotni sevishga undagan, umr boqiy dunyoga tayyorgarlik uchun berilganini anglatgan ham onam o’qigan, bizga ham tavsiya qilgan hikmatli kitoblar bo’ldi. Onajon, bebaho meros uchun sizdan cheksiz minnatdorman, haqqingizga hamisha duodaman.

 

Nafosat Safoyeva

Hidoyat jurnalidan