“Bir kelin oila qurganiga bir necha yillar o’tgandan so’nggina xomilador bo’ladi. Tabiiyki, bu vaqt mobaynida farzand ko’rish unga ushalmas orzudek bo’lib qolgan edi. Ammo Yaratgan zot bu oilaga yana farzand ko’rish umidini beradi. Shifokor “farzand kutyapsiz”, deganda o’zida yo’q baxtiyor edi. Chunki bir necha yillardan beri “qachon farzandli bo’lasiz” degan savollarga javob topish qiyin edi. Shunday kunlarda homilador kelin tushida noxush holatni ko’radi. Ko’rgan tushi haqida ovsiniga aytganida, u ham o’ylab o’tirmay, falonchi folbinga borsangiz tushingizni ta’birini aytib beradi, deydi. Bechora kelinning halovati yo’qoladi. Tursa ham, o’tirsa ham yomon tushning oqibati kelajakda tug’iladigan farzandiga ta’sir qilmasmikan, degan o’ylar tinchlik bermaydi.
“Nima bo’lsa bo’ldi”, deb ovsini aytgan folbinga bormoqchi bo’ladi. Folbinga borish-bormaslikni qolaversa, tushi haqida ham turmush o’rtog’iga aytmay folbin oldiga boradi. Folbin ham dovdirab turgan yangi mijozdan yaxshigina “aqcha” ishlab olish uchun o’z mahoratini ishga soladi. Kelinchakka har-xil bo’lmag’ur narsalarni gapiradi, bu ham yetmaganidek, “farzandingiz o’lik tug’iladi” deydi. Kelinning qanday holga tushganini tasavvur qilish qiyin.
U kechasi bilan mijja qoqmay chiqadi va ertasiga rasmiy masjid imom-xatibi oldiga borib, folbinning gaplarini aytadi, buning yechimini so’raydi. Imom-xatib ayolga avvalo folbinga borish mumkin emasligini, uning oqibati haqida tushuntirib, quyidagi xadisni aytib beradi:
-
Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilingan hadisda, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Kimki bashoratgo’y yoki folbinning oldiga borib, aytayotgan gapini rost deb bilsa, u shubhasiz, Muhammadga tushgan narsaga kufr keltiribdi» (Abu Dovud, Nasoiy, Ibn Moja).
-
Endi – deydi imom domla ayolga yuzlanib, – dunyoga keladigan farzandingizni o’lik yoki tirik tug’ilishi faqat Alloh taologa ma’lum bo’lgan ishdir. Folbin Xudo emas. Faqat jinlardan ba’zi narsalarni bilib, bo’rttirib gapirishni biladi xalos. Bu haqda Oisha roziyallohu anho aytdilar: «Odamlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan folbinlar haqida so’rashdi. U zot roziyallohu anho: «Ular haq emaslar», dedilar. Ular: «Yo Rasululloh, ular gohida shunday gaplarni aytadilarki, u haq bo’lib chiqadi», deyishdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Bu haq kalimani jin o’g’irlab (o’g’rincha bilib) oladi-da uni do’sti (folbin)ning qulog’iga quyadi. Folbinlar esa unga yuzta yolg’onni aralashtirib yuboradilar», dedilar» (Muttafaqun alayh).
Imom-xatibning so’zlaridan ko’ngli xotirjam bo’lgan ayol xursand bo’lib uyiga qaytib ketadi. Ma’lum vaqt o’tgandan keyin o’sha ayol yana imom domlaning oldiga keladi va shunday deydi:
-
Sizning aytgan gaplaringiz to’g’ri ekan, kelajakni faqat Alloh taolo bilishiga ekaniga iqror bo’ldim. Allohga shukr, to’rt muchasi sog’lom o’g’il farzand ko’rdim, mumkin bo’lsa farzandim xaqqiga duo qilib qo’ysangiz. O’sha folbinni gapiga ishonganimda meni va farzandimni ahvoli ne kechardi. Xudoning o’zi bir asradi. Menga o’xshab aldanib yurgan qanchadan-qancha insonlarga murojaatim – folbinning gapiga ishonmang, chunki u xudo emas”.