SALOMATLIK BORASIDA: SUNNAT KO’RSATMALARI VA ZAMONAVIY ILM TAVSIYALARI

Biz rabiul avval, ya’ni payg’ambarimiz sollallohu alayhi va sallam tug’ilgan oylarining oxirgi kunlarida turibmiz. Shu munosabat bilan e’tiboringizga payg’ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallamning salomatlikka tegishli bo’lgan sunnatlarini havola etamiz:

Erta turish. Nabiy alayhissalomning erta turish odatlari bo’lgan, ertalabki azon vaqtida uyg’onganlar. Albatta, erta turish kun bo’yi insonga tetiklik hamda ishchanlik qobiliyatlarini beradi. Hamda aqliy faoliyatni yaxshilaydi. Ba’zilar uchun erta turish qiyin tuyulishi yoki iloji yo’qdek ko’rinishi mumkin, lekin bu odatni kichik qadamlar bilan shakllantirish mumkin. Bu esa hayotni sezilarli darajada yaxshilashi isbotlangan.

Me’yorda ovqatlanish. Me’yorda ovqatlanish Payg’ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning sunnatlaridandir. Yillar davomida bir emas, bir necha tekshiruvlarning natijasi – me’yorida ovqatlanish odati kasalliklarning oldini olishini tasdiqlagan. Inson to’yib emas balki 80% to’yguniga qadar ovqatlanishi maqsadga muvofiq.

Suv iste’mol qilish. Hadisi sharifda suvni katta emas, kichik xo’plamlar bilan ichishga chorlanadi, aks holda katta xo’plab ichishdan jigar shikastlanishi mumkin deyiladi. Bu Payg’ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning suv ichishdagi sunnatlaridandir. Bugungi kunda ilmiy tadqiqotlar ham shuni ta’kidlaydiki, qisqa vaqt ichida, birdaniga ko’p miqodorda suv ichish jigarni zararlashga olib keladi.

Ro’za. Ilmiy tajribalar shuni ko’rsatadiki, faqatgina yeguliklarning o’zi emas, balki uni tanavvul qilish vaqti ham inson organizmiga ta’sir ko’rsatadi. Ro’za tutish Payg’ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning doimiy odatlari bo’lgan, bu ishni faqatgina Ramazon oyida qilmaganlar. Inson qanchalik kam ovqat yesa, uning organizmi hazm qilishga shunchalik kam kuch sarflaydi.

Xurmo. Xurmo – shunday mahsulotki, o’zida bir necha foydali elementlarni jamlaydi. To’g’ri ovqatlanish tarzini yo’lga qo’ygan insonlar albatta bunday foydali mahsulotlar haqida biladilar. Xurmo esa ulardan biridir. Ushbu meva inson organizmida qand darajasini normallashtiradi. Qondagi xolesterin miqdorini kamaytiradi, yurak bilan bog’liq muammolarning oldini oladi.

Doimiy harakatda bo’lish (Faollik). Islomning 5 arkonlarining 3 tasi jismoniy faollikni talab etadi. Namoz – birinchi navbatdagi jismoniy harakat ko’rinishidir, hajga borish hamda ro’za tutish ham ana shular jumlasidandir. Payg’ambarimiz doimiy harakatda bo’lganlar hamda salomatligini mustahkamlash  maqsadida suzish, chavandozlik, merganlik kabilar bilan shug’ullanganlar.

Albatta, Payg’ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning sunnatlari salomatlik borasidagi muhim tavsiyalardir.

 

Shahzoda Abdumajidova,

Toshkent islom universiteti talabasi

DINIMIZ ZIYOSI YO RASULULLOH

(sollallohu alayhi va sallam)

Dunyo o’tkinchidir havasga to’lgan,
Qalbga taskin erur soyabon, panoh.
Dinimiz siz ila mukammal bo’lgan,
Shafoat elchisi yo Rasululloh.
(sollallohu alayhi va sallam)

Nuragan qalblarga nurni bahsh etgan, 
O’rgandik neligin savob va gunoh. 
Yaxshiliklar nafsni tarbiya etgan, 
Namuna o’zingiz yo Rasululloh.
(sollallohu alayhi va sallam)

Hadisda bitilgan yo’l-yo’riq, mazmun, 
Yomon ishlardan biz bo’lamiz ogoh.
Saodat nuriga to’ladi ochun,
Allohning elchisi, yo Rasululloh.
(sollallohu alayhi va sallam)

Ma’rifat olmoqqa bizni chorlagan, 
Mehnatdan ko’karar gulzorlar-u bog’.
Barcha jabhalarda kamolga to’lgan,
Muallim o’zingiz, yo Rasululloh.
(sollallohu alayhi va sallam)

Ko’rsatmalaringiz bizga yo’lchiroq
Iymon yomg’iridan unadi giyoh.
Afsus oramizda siz yo’qsiz biroq 
Sizni sog’indik yo Rasululloh
(sollallohu alayhi va sallam)

Qur’on himoyamiz, Qur’on yo’limiz, 
Hadisdir hayotda bizlarga hamroh
Duoga ochilsin doim qo’limiz, 
Dinimiz ziyosi yo Rasululloh.
(sollallohu alayhi va sallam)

Jamiki amallar savobga to’lsin, 
Jannatga yetqizsin bizlarni Alloh 
Sizga salovat-u salomlar bo’lsin, 
Shafoat elchisi yo Rasululloh.
(sollallohu alayhi va sallam)