HAQIQIY DO’STLIK

“Mo’min mo’minga xuddi binodek, bir birini tutib turadi”.

Hadisi sharif

Yaqinda ikki pokistonlik hojilarning Haj ziyorati haqiqiy do’stlikning timsoli sifatida ko’pchilikning og’ziga tushdi. 80 yoshga to’lgan Ejaz Dalali Ahmad va Ahmad Dalo Raj ismli ikki do’st birgalikda haj amallarini bajarishdi. Hikoya esa bu yerda emas, balki bir necha o’n yillar ilgari ular pul to’plab, haj ziyoratiga birga borish uchun bir-birlariga so’z bergan kundan boshlangan. Ularning bu pok niyatlari bundan 25 yil muqaddam dilga tugilgan edi. Ammo, ikki do’stning biri, Ahmad Dalo Raj oradan bir muncha vaqt o’tib, ko’z nurini yo’qotadi. Bu esa, ularning niyatlarini amalga oshirishda, kerakli moddiy qiymatni to’plashda bir muncha qiyinchiliklarni yuzaga keltiradi.

Biroq, bu narsa Islomning beshinchi arkonini amalga oshirishga to’siq bo’la olmadi. Sodiq do’st Ejaz Ahmadning kerakli miqdordagi summani yig’ib bo’lgunicha kutib turdi. Bundan tashqari, haj ziyorati nasib qilib, amallarni bajarish mobaynida Ahmad ko’z nuridan ayrilganini bir zum ham sezmadi. Boisi, har bir daqiqada do’sti Ejaz uning yonida bo’ldi. Bu haqida uning o’zi shunday hikoya qiladi: “Ejaz mening ko’zlarim bo’ldi. Butun safar mobaynida u meni yetaklab yurdi. Makkada ham, muborak maskanlarda ham, chodirlar shahrida ham, Jamarotda ham, hamma yerda u menga yelkadosh bo’ldi”. Ahmad Dalo Raj o’z do’stiga qanday minnatdorchilik bildirishni ham bilmaydi. Biroq, uning yagona qilishi mumkin bo’lgan ishi do’sti haqqiga duo qilishdir. Va u butun haj davomida duolarini kanda qilmadi. Umri oxirigacha ham bunda bardavom bo’lishini ta’kidlamoqda.

 

Xurshida Abdullayeva tayyorladi 

KARIKATURA SABAB JAZOGA TORTILDI

Dubayda bo’lib o’tgan sudda 34 yoshli Hindiston fuqarosi 3 oy davomida Dubay qamoqxonasida jazoni o’tashga hukm qilindi.

Sababi, u o’zining Facebookdagi sahifasida islom dinini haqorat qilgan, ya’ni Payg’ambar Muhammad sollallohu alayhi va sallam mashara qilingan karikaturani ommaga namoyish etgan. Politsiya ayblanuvchi shaxs haqida hamkasbidan xabar olganidan so’ng karikatura tarqatilgan telefon musodara qilingan. Biroq, ayblanuvchi ushbu karikatura orqali Payg’ambar sollallohu alayhi va sallamni mashara qilayotganini bilmasligini aytgan, aybini tan olmagan. Shunday bo’lsa-da, unga besh ming dirham ($1,36 ming) jarima solingan. Bosh sudyaning qaroriga ko’ra, ayblanuvchi 3 oy qamoq jazosini o’tab chiqqach, yurtiga deportatsiya qilinishi ta’kidlanadi, deyiladi islam.ru sahifasida.

 

Ziyo.uz