RABIUL AVVAL OYINI QANDAY O’TKAZISHIMIZ KERAK?

2017 yilning 18 noyabridan islom taqvimining eng ahamiyatli oylaridan biri – Rabiul avval oyi boshlandi. 

Islom tarixida bu oyda eng ahamiyatli voqea – mavlid, ya’ni bizning suyukli Payg’ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning tavallud kunlari borligi sababidan ham aziz sanaladi. Rabiul avval – Alloh taolo insoniyatga islom dinini mukammal ko’rinishda nozil qilgan so’nggi Payg’ambari sollallohu alayhi va sallamni yuborgan muqaddas oydir.  Muhtaram Nabiyimiz sollallohu alayhi va sallam 571 yilning Rabiul avval oyi, o’n birinchidan o’n ikkinchiga o’tar kechada, aksariyat manbalarda o’n ikkinchi kuni dushanba subhida tavallud topganlar. Bundan tashqari, bu muqaddas oyda bir qator e’tiborga molik voqealar sodir bo’lgan, xususan Payg’ambar sollallohu alayhi va sallam hijrat qilganlar, U zot sollallohu alayhi va sallamning qizlari Ruqayya tug’ilganlar, birinchi masjidning qurilishi va undagi ilk juma namozi o’qilishi kabi hodisalar ham shu oyda ro’y bergan. Bular orasida albatta, Nabiy sollallohu alayhi va sallamning tug’ilgan kuni dunyoning turli burchaklaridagi barcha musulmonlar tomonidan nishonlanadi.

Ushbu bayramni nishonlash haqida turli fikrlar mavjud, biz musulmonlar uchun bu borada ixtilofga borishning zarurati yo’q. Biz uchun muhimi – bu kun Payg’ambarimiz sollallohu alayhi va sallamni, ularning hayoti va ta’limotlarini esga olish va nomlarini poklab yod etish ayyomidir. Qolaversa bu kun o’z hayotimiz haqida, Payg’ambarimiz sollallohu alayhi va sallamga ummatlikni ado eta olyapmanmi, deya mulohaza qilish, o’zini nazorat qilmoq pallasidir.

Rabiul avval – dunyo tashvishlaridan chetga chiqib, abadiy hayot haqida fikr yuritish, qorong’ulik hukm surgan vaziyatda olamni yoritgan Payg’ambar sollallohu alayhi va sallamni yuborgani uchun Yaratganga cheksiz hamdlar aytish fursatidir.

Bu oy – yana bir marta sevikli Payg’ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning muborak davrlarini – asri saodatni yodga olish vaqtidir.

Alloh taolo “... sizlar uchun – Allohdan va oxirat kunidan umidvor bo’lgan va Allohni ko’p zikr qilganlar uchun Rasulullohda go’zal o’rnak bor”, deya marhamat qilgan.

Demak, bu oy – yanada ko’proq zikr qilish va Allohga ibodat qilmoq mavrididir.

Ko’pgina imonli kishilarda “Ushbu oyni qanday o’tkazishimiz kerak?” degan savol yuzaga kelishi mumkin. Javob berish mumkinki, bu oyni qanday o’tkazish borasida muhim tavsiyalar berilmagan. Qanday va qaysi yil, oy, hafta, kunda bo’lmasin, mo’min kishi o’z ibodatini, farzlar qatori nafl ibodatlarini ham ado etishda, ta’qiqlangan narsalarni tark etishda, xayrli va foydali ishlarda bardavom bo’lishda jiddu jahd qilmog’i lozim.   E’tibor berilsa, Muhammad sollallohu alayhi va sallam tug’ilgan bu oyning mohiyati – Payg’ambar sollallohu alayhi va sallam uchun salovat aytish, Allohni zikr qilish mazmun ilgari suriladi.

Manbalar asosida rabiul avval oyini o’tkazish borasida bir qator tavsiyalar berish mumkin. Bu oyda o’zingiz uchun muhim bir necha maqsadlarni ilgari suring: avvalo Payg’ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning siyratlarini batafsil o’rganing, bu ajru savobga-da noyil etadi. U zot sollallohu alayhi va sallamning hadislarini ko’proq o’qing. Salovat aytishni ko’paytiring. Bu jarayonda albatta, ibodatlaringizni o’z vaqtida ado eting. Payg’ambar sollallohu alayhi va sallamning sunnatlari hayotingizning har bir jabhasini qamrab olsin.

Muhimi, Alloh taoloning cheksiz muhabbati va mehribonligi uchun, bizlarga insonlarning eng yaxshisini, Payg’ambarlarning eng buyugini, eng ulug’ hikmat sohibini, eng marhamatli va O’zi ham yaxshi ko’rgan zotni Payg’ambar qilib yuborgani uchun Alloh taologa shukronalar ayting! Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vavasallamga salovatu durudlar bo’lsin!

 

Sharifa G’ANIYEVA

ILM VA YOSHLAR

Ilm  insonlarni tafakkur kilishga, bizni o’rab  turgan hayot bejiz emasligini idrok etishga, ma’naviy olamimizni boyitishga, dunyoda sodir bo’layotgan jarayonlarning tub mohiyatini anglab yetishga, nafaqat tashqi olamdagi, balki o’zligimizni ham tushunib yetishga poydevor bo’lib hisoblanadi.

Shu o’rinda Nosir Xisravning misralarini yodga oldim:

           Bilim qidirishga urdim boshimni,

           Bekorga o’tkazmadim umrimni bir dam.

           Qaydaki,  eshitsam ilm-u donishni,

           Eshigi tagida o’ltirdim mahkam. 

Ilm orqali inson kamolotga erishadi. Ilm, hunarsiz inson hayotda o’z o’rnini topishi, jamiyat davlat uchun munosib  voris bo’lib voyaga yetishi mumkin emas. Ma’rifat borki, bu olam rango-rang, doimo rivojlanish yo’lida taraqqiy etadi. Insonlarning eng fazilatlisi ham olimlardir. Ular jamiyatda biron narsaga ehtiyoj tug’ilsa, katta foyda keltiradilar, ehtiyoj bo’lmaganda ham ruhimizni boyitadilar.

Abu Homid G’azzoliyning “Mukoshafat ul-qulub”  asarida keltirilishicha, Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: “Kimgaki, Alloh taolo yaxshilikni ravo  ko’rgaydir, uni din ilmidan bahramand qilgaydir, ilmga ilm olmoq yo’li birlan erishilgaydir”,- deganlar. Yana boshqa xadisda Payg’ambarimiz Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: “Ikki narsadan o’zgasiga hasad qilmoq joiz ermas, biri – kishiga Alloh taolo mol-dunyo bersa-yu, uni Haq yo’lida sarflayotgan bo’lsa, ikkinchisi – kishiga Alloh taolo ilmu hikmat ato etsa-yu, shu tufayli oliy maqomga erishib, odamlarga bilganini o’rgatayotgan bo’lsa, degan edilar.

Yoshlik – beg’uborlikka yo’g’rilgan oltin davr. Yoshlik insonning kuch-qudratining jo’shqin pallasidir. Yoshlik davrining asosi ham aynan ilm olishga bag’ishlanadi. Aynan shu davrda insonda ilm olishga bo’lgan shijoat, miya faoliyatining yuqori cho’qqisiga chiqishi mubolag’a emas. Ta’lim olish jarayonida fikrlardagi teranlik, keng dunyoqarash, turli yangi texnologiyalarning hayotga tatbiqi, turli g’oyalarning shakllanishi ayni yoshlik davrining o’ziga xos jihatlaridan biri bo’lib hisoblanadi.

O’zbekiston miqyosida statistik ma’lumotlarga e’tibor beradigan bo’lsak, aholining 70% ini yoshlar tashkil qiladi. Hozirgi kunda yoshlarimiz uchun juda katta imkoniyatlar eshigi ochildi. “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining “Yoshlar ittifoqi”ga o’zgartirilishi, turli xil islohotlar negizida yoshlarimiz ma’naviy-madaniy olamini boyitish, ularni komil farzand qilib tarbiyalash ustuvor maqsadlarimizdan biri bo’lib xizmat qilmoqda. O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 18-iyul kuni O’zbekiston Yoshlar ittifoqi faoliyatini takomillashtirishga doir kompleks chora-tadbirlar to’g’risidagi qarorni imzoladi. Bu qarorda  Yoshlar ittifoqi faoliyati samaradorligini oshirish, yoshlar bandligini ta’minlash, tadbirkorlikka keng yo’l ochish ularni qo’llab quvvatlash, yoshlarda kitobxonlikni yuksaltirish, mafkuraviy immunitetni shakllantirish, madaniy-ma’rifiy ishlarni faollashtirish, iste’dodli yoshlarga shart-sharoit, ijodiy muhit yaratish yo’lida turli xildagi tadbirlar, islohotlarni joriy qilish ularni intellektual salohiyatini boyitish  kabi masalalar ko’zda tutilgan.

Davlatimizning yoshlarga oid siyosati borasidagi  maqsadlarni o’zida aks ettirgan Dasturda yoshlarni oliy ta’lim muassassalariga imtiyoz bilan qabul qilish, imkoniyati cheklangan yoshlarni qo’llab-quvvatlash, Oliy Majlis Qonunchilik Palatasida  Yoshlar klubining tashkil qilinishi kabi tashkiliy-huquqiy tadbirlarning amalga oshirilishi belgilangan. Bundan tashqari, “Yoshlar Ittifoqi” qoshida Yosh ijodkorlar klublari, nafaqat universitetda, balki barcha ta’lim muassassalarida bu kabi jamoalarni tashkil qilish biz uchun ulkan qanot bag’ishlaydi.

Hozirgi kunda yoshlarimiz turli jabhalarda o’zlarining iqtidorlarini namoyon etib kelmoqdalar. Sport , adabiyot, san’at va boshqa  sohalarda dadil qadam tashlab imkoniyatlardan unumli foydalangan holda jamiyat uchun nafi tegadigan mutaxassis  bo’lib voyaga yetayotganligi kelajagimiz uchun  poydevor bo’lib xizmat qiladi. Yoshlar Ittifoqida amalga oshirilayotgan  keng ko’lamli  islohotlar negizida Vatanimiz taraqqiyoti asosiy ko’zlangan nuqta hisoblanadi. Bu esa biz yoshlarni teran mushohada qilishga va o’z  sohamiz bo’yicha yetuk kadr bo’lishimiz, yangi g’oyalarni amaliyotga tatbiq etib, xalq manfaati uchun faoliyat ko’rsatib, ajdodlarga munosib avlod bo’lib yetishishimizga zamin yaratmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev Miromonovich tomonidan ishlab chiqilgan dasturlar zamirida kelajak avlod  salohiyati, bilimi, qobiliyatlarini rivojlantirishga qaratilgani biz yoshlar uchun  yo’lchi yulduz  bo’lib xizmat qiladi.

2017-2021 yillar uchun “harakatlar strategiyasi”ning  ishlab chiqilishi  Vatanimiz ravnaqi, inson manfaatlarini ta’minlash, hayotimizda o’z  o’rnimizga ega bo’lishimiz uchun katta imkoniyatlar eshigini ochib, bizni  nurafshon istiqbolimizga  qo’yilgan  tamal  toshi bo’lib  muhrlandi.

Fikrlarimni tugatar ekanman, dilimni chulg’agan talabalik iftixorini, ilmga bo’lgan ishtiyoqni she’rga soldim:

      Yoshlikka  yarashar  cho’g’  kabi yonish,

      Chaqmoq   kabi shiddat faqat unga xos.

      Xatolar ko’rinmas aybidan tonish,

      Betashvish lahzalar  faqat unga mos.

                                                               

Nigina Botirova,

                             Toshkent islom universiteti talabasi