DUNYO HOJATIDAN SO’RAYAPSIZMI, OXIRAT HOJATIDANMI?

Hazrat Umarning nabiralari Solim ibn Abdullohning bu boradagi ishlaridan biri Abdurrahmon Ro’fa Bosho shunday yozadi: «Ummaviy xalifalaridan Sulaymon ibn Abdulmalik Makkaga hajga keldi.

Baytullohni tavof qilib yurib Solim ibn Abdullohni bir chekkada ka’baga qarab xushu’ bilan o’tirganini ko’rib qoldi. U Qur’on tilovat qilgan ko’yi yig’lar ko’z yoshlari ikki ko’zidan buloqdek oqar edi.

 

Xalifa tavofdan bo’shab ikki rakat namoz o’qigach, Solim o’tirgan tarafga bordi. Odamlar uni ko’rib yo’l bo’shatdilar. Uning yaqiniga o’tirdi. Solim buni sezmadi va unga qaramadi. CHunki u o’zi bilan mashg’ul, zikrga cho’mgan edi. Xalifa Solimni tilovat va yig’idan to’xtashini kutib, kuzatib turdi.

 

U to’xtagach, salom berdi. Alikdan so’ng xalifa past ovozda: «Hazrat, mabodo biror hojatingiz bo’lsa bajarib beraylik, ayting?!» –  dedi. Solim  javob qaytarmadi. Xalifa uni eshitmadi, deb o’ylab yaqinroq borib: «Biror hojatingiz bo’lsa, bajarib bersak degan edik», – dedi. SHunda Solim: «Allohga qasamki, men Uning uyida o’tirib undan boshqasidan hojat so’rashdan hayo qilaman!»,  – dedi. Xalifa xijolat bo’ldi va jim qoldi, lekin uni uzoqdan kutib turdi.

 

Solim namozini tugatib o’rnidan turib yurishga boshladi. Odamlar orqasidan ergashishdi. Biri undan hadisdan so’rar, yana biri fatvo so’rar,  boshqasi nasihat tilasa, yana birovi duo so’rar edi. Xalifa ham ular ortidan tushdi. Odamlar uni ko’rib yo’l bo’shatdilar.

 

U Solim ibn Abdullohning yaqiniga kelgach: «Mana masjiddan chiqdik, endi hojatingiz bo’lsa so’rang, bajaramiz», – dedi. SHunda Solim unga qarab: «Dunyo hojatlaridan so’rayapsizmi, yoki oxirat hojatidanmi?!», – dedi. Xalifa kutilmagan savoldan dovdirab qoldi va: «Albatta, dunyo hojatlaridan!», – dedi.

 

Solim: «Men dunyo hojatlarimni uning haqiqiy egasi bo’lgan Zotdan ham so’rashga hayo qilaman-u, haqiqiy egasi bo’lmagan kishidan qanday so’rayman?!»,  – dedi. SHundan keyin xalifa qattiq xijolat bo’ldi va uzr aytib yo’liga ketdi. U yo’lda ketar ekan, shunday der edi: «Ey Xattobning avlodlari, taqvo va zohidlik sizlarni muncha ham ziynatlamasa?! Alloh  ko’ngillaringizni dunyo moliga namuncha to’q qilmasa?! Doimo omon bo’ling!»

 

Rahmatulloh FAYZULLAEV,

 

Marg’ilon shahridagi “Robiya hoji ona” masjidi imom-xatibi

 

 Abdurrahmon Ro’fat al-Bosho. «Suvarun min hayotit tobein» kitobidan tarjima

MADINAI MUNAVVARA NE UCHUN MUQADDASSAN?

Madina... senda kim borki, tuprog’ing shunchalar aziz. Noming nega bu qadar jarangli va  huzurbaxsh. 

Senga kim qadam qo’ysa, qadamlari nurga burkanadi. Munavvar Madina senda kimning bo’yi  borki, hidlab to’ymaysan... SHahri munavvara sening har ko’chang bizga saodat asrini yodga soladi. Sening quyoshing ham asri saodat quyoshi yanglig’ vujudimizga shifo. Sening mayin nasiming esa yuzimizni ulug’ Zotning qo’llari ila siylangandek go’yo. Yo Madina, men ne qilayki, Masjiding jannat bog’laridan bir bog’ yanglig’ muqaddas. Ey Masjidi nabaviy, senda qanday sarvar  Zot borki, senga kirgan odam ikki dunyosi obod bo’lgay. Ey mohi Madina, bu kecha shunchalar to’linsanki,  bu komilliging komil Zotning sharofatidan bo’lsa ne ajab. Ey shahri A’zim, nega senga talpinar doim yurak, boisi yuragini ummat uchun bergan Zotning mehrimikin... Mening qalamim sening nomingni ta’riflashga ojiz, boisi senda shunday qalam Sohibi manguga qo’nim topganki, faqat ul Zotga bo’lgan  muhabbatgina qalamimni qoim qilgusi.

 

Zafar Xayrullayev