RASULULLOH ALAYHISSALOM SEVGAN 10 SHIFOBAXSH NE’MAT

Payg’ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam bizga har jabhada o’rnak bo’lib, u zotning hayotlarini o’rgangan sari bunga yanada amin bo’lib boriladi. 

Rasulullohning sunnatlariga ergashib, biz ham bu dunyoda, ham oxiratda ko’plab manfaatlarga ega bo’lamiz. U zot alayhissalomning taomlanish borasida o’z ummatlariga bergan yo’l-yo’riqlari, ko’rsatmalari alohida ahamiyatga ega. Zero, bu butun bir tib ilmidir-ki, unga amal qilingandagina inson chinakam sog’liqqa ega bo’ladi. Ushbu maqolamizda Payg’ambarimiz alayhissalomning hayot yo’llari va sunnatlariga nazar solgan holda, u zot sevib iste’mol qilgan va ummatlariga ham tavsiya qilgan 10 ne’matning shifobaxsh xususiyatlari bilan tanishamiz.

   1. Tarvuz.

Tarvuz juda ham qadrli va shifobaxsh ne’mat bo’lib, Abu Dovud, Termiziy, Ibn Mojjalar rivoyat qilgan hadisda aytilishicha, Payg’ambarimiz alayhissalom uni xurmo bilan yer edilar va: «Buning issiqligi mana bunisining sovuqligini daf qiladi, mana buning sovuqligi unisining, issiqligini daf qiladi», der edilar.

   2. Uzum.

Uzum vitaminlar va mineral moddalarning tabiiy ombori hisoblanadi. Uning tarkibidagi glyukoza miqdori 20-25 % ni tashkil etadi. Shu bilan birga, uzum tez hazm bo’lish xususiyatiga ega. Ushbu meva haqida Qur’oni karim oyatlari va hadisi shariflarda zikr qilingan. Jumladan, Mo’minun surasining 19-oyatida Alloh taolo shunday marhamat qiladi: “So’ngra Biz sizlar uchun u (suv) bilan xurmo va uzum bog’larini paydo qildik. Sizlar uchun u (bog’)larda ko’p mevalar bo’lur va sizlar ulardan yeysizlar”.

Shu bilan birga, Oisha onamiz roziyallohu anho shunday rivoyat qiladilar: “Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallam uzum boshini chap qo’llariga olib va o’ng qo’llari bilan dona-dona uzib yer edilar”. 

   3. Anor.

Anorning shifobaxsh xususiyatlari ko’pchilikka ma’lum. U haqida Qur’oni karimda shunday marhamat qilinadi: “Parvardigori (huzurida) turishdan (so’ralishdan) qo’rqqan kishi uchun ikki jannat (bog’i) bordir” (Ar-Rahmon surasi, 46-oyat) “U ikkisida meva, xurmo va anorlar bordir” (Ar-Rahmon surasi, 68-oyat).

   4. Anjir.

Ushbu ajoyib meva tarkibida boshqa barcha mevalarnikiga qaraganda eng ko’p biriktiruvchi to’qimalar mavjud. Qur’oni karimning butun boshli bir surasi uning nomi bilan atalgan: “at-Tiyn” – anjir deganidir.

Abu Zar al-G’iforiydan rivoyat qilinadiki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga  anjir hadya etilganda avval o’zlari yedilar, so’ngra sahobalarga: “Anjirdan ozgina bo’lsa hamki yenglar, chunki bu jannatdan tushgan”, dedilar.

   5. Asal.

Asalning shifobaxsh xususiyatlari qadim davrlardan buyon ma’lum va mashhurdir. Zero, asal qon aylanish tizimi va hazm qilish jarayoni bilan bog’liq ko’plab kasalliklarga davo bo’ladi, immunitetni mustahkamlaydi, astma, oshqozon yarasi va yana boshqa qator dardlarni davolaydi. Asal haqida Qur’oni karimda ham, Payg’ambarimiz alayhissalomning hadislarida ham ko’p bora zikr qilingan. Jumladan, Nahl surasida asalarilar haqida so’z ketib: “Ularning qorinlaridan odamlar uchun shifo bo’lgan turli rangdagi sharbat (asal) chiqur. Albatta, bunda fikr yuritadigan qavm uchun alomat bordir”, deb ta’kidlanadi (Nahl surasi, 69-oyat).

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinishicha: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam shirinlik va asalni yaxshi ko’rar edilar”. Shu bilan birga Payg’ambarimiz alayhissalomning ko’plab hadislarida asalning davolovchi xususiyatlari haqida bayon etilgan. Masalan, Abu Sa’iyd roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Bir odam Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib: “Ukam qornidan shikoyat qilur”, boshqa bir lafzda esa “Ukam ichburug’ bo’lib qoldi”, dedi. U zot: “Unga asal ichir”, dedilar. U ikkinchi marta keldi. “Unga asal ichir”, dedilar. So’ngra u uchinchi marta keldi va: “Batahqiq, (aytganingizni) qildim. Uning ichini ketkazishdan boshqa narsani ziyoda qilmadi”, dedi. “Alloh rost aytadir. Ukangning qorni yolg’on aytadir. Unga asal ichir”, dedilar. Bas, ichirgan edi, tuzalib ketdi”.

   6. Sut.

Sut Rasululloh alayhissalomning sevimli ichimliklaridan bo’lgan. U o’zida ko’plab shifobaxsh moddalarni saqlaydi. Quyidagi hadisi sharif ham buni tasdiqlaydi: Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Qachon birortangiz taom yesa, “Allohim! Buni bizga barakali qilib bergin. Bizlarni bundan yaxshisi bilan taomlantirgin”, desin. Qachon sut ichirilsa, “Allohim! Buni bizga barakali qilib bergin. Undan bizga ziyoda qilgin”, desin. Chunki birorta taom va sharob sutchalik kifoyali emas”, dedilar.

   7. Zaytun moyi.

Zaytun yetmishdan ortiq kasalliklarga davo bo’luvchi xususiyatga ega. Uning yog’i birikmagan moddalarning organizmga salbiy ta’sirini kamaytiradi, saraton kasalliklarini oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bilan birga, yurak qon-tomir kasalliklarini oldini olishda yordam beradi, qon quyilishini bartaraf qiladi va uning tomirlardagi harakatini tezlashtiradi, yuqori bosimni pasaytirishda ko’mak beradi, semirishning oldini oladi.

Qur’oni karimda zaytun muborak deb zikr qilingan. Payg’ambar alayhissalom ham: (Zaytun) yog’ni yeng va uni surting. Chunki u muborak daraxtdandir”, deb marhamat qilganlar. Bundan tashqari, Zayd ibn Arqam roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam zotiljanbga zaytun yog’ini va varsni vasf qilar edilar” (vars – Yamanda o’sadigan xushbo’y o’simlik).

   8. Sirka.

Sirka benazir shifobaxsh xususiyatlarga ega. U modda almashinuvini yaxshilaydi, jismoniy mashqlar va tushkunlik paytida qonda sut kislotasi ko’payishiga to’sqinlik qiladi, tarkibida ich ketishga qarshi moddalar bo’lib, ichburug’ni yuzaga kelishini oldini oladi. Bundan tashqari, hazm qilish va moddalar almashinuvi jarayonini tezlashtiradi, tishlarning shikastlanishini kamaytiradi, oshqozon, ingichka va yo’g’on ichakda yashovchi parazitlarni o’ldiradi, me’daning ovqatni yaxshi hazm qila olmasligidan aziyat chekayotgan bemorlarga hazm jarayonida yordam beradi, ichaklarni tozalaydi.

Hadisi shariflarda Payg’ambarimiz alayhissalom nonga sirka qo’shib yeganlari va “Sirka qanday ham yaxshi xurush!”, deb uni maqtaganlari keltiriladi (xurush deganda nonga yoki biror narsaga qo’shib yeyiladigan biror mahsulot nazarda tutiladi).

   9. Xurmo.

Xurmo qadimdan mashhur bo’lgan va hozirgi kunda ham sog’liqni mustahkamlash va umrni uzaytirish xususiyatlariga egaligi bot-bot qayd etilayotgan benazir mevadir. Xurmoning naqadar ahamiyatli ekanligini uning nomi Qur’oni karimda 20 dan ortiq joyda zikr etilgani ham tasdiqlaydi. Ushbu shirin mevada ko’plab shifobaxsh va foydali moddalar mavjud.

Hadisi shariflardan ma’lum bo’ladiki, Payg’ambarimiz alayhissalom hurmoni sevib iste’mol qilganlar, shu bilan birga uning foydalarini ham ta’kidlaganlar. Masalan, Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim (och qoringa) ertalab ajvadan yetti dona yesa, o’sha kuni unga zahar ham, sehr ham zarar qilmaydir”, deganlar. Shu bilan birga, “ajva” – Madinai munavvarada yetishtiriladigan eng sifatli, yaxshi va mashhur xurmoni jannatdan deb ataganlar va uni zaharga doridir, deb ta’kidlaganlar. U zotning homilador ayollarga xurmo yeyishni tavsiya qilganlari, iftor vaqtida xurmo bilan og’iz ochganlari haqidagi hadislar ham mashhurdir.

   10. Arpa.

Arpa payg’ambarlarning ozuqasi hisoblanadi. Undan tayyorlanadigan bo’tqa jismoniy va ruhiy salomatlik uchun juda foydalidir. Hadislardan ma’lum bo’ladiki, Rasululloh alayhissalom va u zotning ahli oilalari arpa nondan iste’mol qilishardi. Biroq, shunda ham qorinlari to’yib yemaganlari zikr qilinadi. Bunga quyidagilar misol bo’ladi: Ibn Abbos roziyallohu anhu dedilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o’zlari va onalarimiz – hammalari bir-ikki kecha och qolishardilar. Kechqurun yegani bir narsa topmas edilar. Ko’pincha tanovvul qiladigan narsalari arpa noni edi”. Oisha roziyallohu anho dedilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafot kunlariga qadar ham arpa nonini ikki kun to’yib yemadilar”.

Payg’ambarimiz alayhissalomning sunnatlarini o’rganish, ayniqsa mana shunday muborak fursatlarda bunga yanada ahamiyatli bo’lib, hayotimizga tatbiq etishga harakat qilmog’imiz muhimdir. Zero, bunda biz insonlarga manfaatlar cheksizdir.

 

Xurshida Abdullayeva tayyorladi

OLAMLARGA RAHMAT PAYG‘AMBAR

"M"unavvar bo’ldingiz ikki olam aro,

"U"mmatim dedingiz chiqarda jon hatto.

"H"abibimizsiz barcha Rasullar aro,

"A"llohning eng suygani yo Rasululloh!

(Sollallohu alayhi va sallam)

"M"ening umidim erur siz bilan birga,

"M"usharraf bo’lsaydim doxili Jannat.

"A"hdimdur erishish buyuk shafoatga,

"D"unyoda eng ulug’ zot yo Rasululloh.

(Sollallohu alayhi va sallam)

 

Zafar Xayrullayev